
Oʻzbekiston Statistika agentligining uy xoʻjaliklari tanlanma kuzatuvlari maʼlumotlariga asosan, 10 va undan katta yoshlilar orasidan mobil telefondan foydalanuvchi aholi ulushi 99,1 foizni tashkil etgan. Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati tarqatgan maʼlumotga koʻra, bugungi kunda 5–16 yoshdagi bolalar kuniga 3 soatdan 8 soatgacha vaqtini telefon qarshisida oʻtkazadi. Buning natijasida ularda telefonga qaramlik, undan ayrilib qolishdan qoʻrquv hissi paydo boʻladi.
Kursiv Uzbekistan muxbiri oliy toifali oftalmolog Hikmatullo Sodiqov bilan suhbatlashib, mutaxassisdan bolalarning telefonga ruju qoʻyishi va buning oqibatlari haqida izoh oldi.
Xiralashish
Shifokor Hikmatullo Sodiqovning aytishicha, telefonlarning bolalar koʻziga jiddiy taʼsir qilishing eng birlamchi sababi gadjetni koʻzga juda yaqin foydalanish hisoblanadi.
«Bolaning qoʻli kaltaligi uchun u telefonni koʻziga juda ham yaqin olib borib ushlaydi, yaʼni fokus masofasi juda qisqa. Koʻpincha kattalar bunga unchalik eʼtibor bermaydi va bora-bora bolaning koʻrishi minusga tushib ketaveradi. Koʻrish xiralasha boshlaydi», — deydi shifokor.
Astigmatizm
Shifokorning taʼkidlashicha, bugungi kunda bolalarda astigmatizm — shox parda qiyshiqligi kasalligi ortib bormoqda.
«Astigmatizm koʻpchilik insonlarda boʻladi, biroq bu koʻrishga xiralik bermaydi. Qiyoslash uchun aytaman, 60 yoshdan kattalarni koʻzini tekshirganimizda astigmatizm aniqlanadi, lekin ularning koʻrishi 100 foiz boʻladi. Bolalar astigmatizmida esa koʻrishi 20 foizga tushib ketgan. Bu telefondan foydalanish hisobiga koʻzga ortiqcha yuklama tushgani bilan bogʻliq», — deydi oftalmolog.
Uning tushuntirishicha, bu kasallik aniqlangan bola yaxshi koʻrishi uchun astigmatizmga mos koʻzoynak buyuriladi. Bu bilan koʻzga tushayotgan zoʻriqish kamaytirib, koʻrish darajasini koʻtarib boriladi. Masalan, koʻrish darajasi 20 foizdan 80–90 foizgacha chiqariladi. Natija yaxshi chiqishi uchun boladagi astigmatizmni vaqtida davolashga kirishish shart.
Quruq koʻzlar sindromi
Oftalmolog bolalarda kuzatilayotgan yana bir kasallik — quruq koʻzlar sindromiga ota-onalardan koʻproq eʼtibor qaratish kerakligiga urgʻu berdi.
«Koʻzda quruqlik sindromida koʻzning namlash funksiyasi buziladi va buning hisobiga koʻzda achishish, yoshlashish, qizarish kuzatiladi. Mazkur kasallik ham odatda katta yoshdagilarda uchrar edi, hozir esa bolalarda ham kuzatilmoqda. Masalan, maktab yoshidagi — 5–6 sinf bolalarida ham koʻzda quruqlik sindromi boshlangan. Bu avvallari umuman boʻlmasdi. Ayni shu kasallik ham bolalarning telefondan koʻp foydalanishi bilan bogʻliq», — deydi Hikmatullo Sodiqov.
Bolalarga eʼtibor kam
Shifokor Hikmatullo Sodiqov kasalliklardan ham koʻra, ota-onalarning bolalar salomatligiga eʼtibori pastligi masalani yana ham jiddiylashtiruvchi omil boʻlayotganini aytib oʻtdi.
«Oʻzaro suhbatlarda ota-onalar “Oʻqituvchisi bolangiz koʻzida oʻzgarishlar boʻlyapti, oʻqishda qiynaladi, degandan keyin koʻrikka olib keldik», deb aytadi. Shifoxonamizga kelayotgan ota-onalarning bir foizi bolalarini oʻz tashabbuslari bilan tekshiruvlardan oʻtkazgani olib keladi. Qachonki, bolasining koʻzi xiralashib qolganida, bu aniq namoyon boʻlib shifokorga boradi. Kamdan-kam holatlarda profilaktika qildiradi. Avvallari oilaviy keladiganlar bor edi. Hozir faqat kasal koʻryapmiz”, — deydi oftalmolog.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki koʻrikdan oʻtish juda ham qimmat emas. Toshkent shahrida koʻzni profilaktikasi uchun 200 ming soʻm ketishi mumkin. Ammo kasallik zoʻraygandan keyin tekshiruvlar ham qimmatlashib boradi. Yuqorida sanab oʻtgan kasalliklar vaqtida davolanmasa, har yili 1 million soʻm evaziga tekshiruvlardan oʻtishi va koʻzoynak sotib olishi kerak boʻladi. Eng yomoni bola to 18 yoshigacha koʻzoynakda yuradi. Agar miopiya yuqori darajasiga chiqib ketsa, toʻr parda koʻchishi va koʻz koʻrmay qolish ehtimoli bor.
Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, smartfonlardan ortiqcha foydalanish oʻrganishni kamaytiradi, kognitiv qiziqishni pasaytiradi va diqqat yetishmasligi giperaktivlik buzilishining rivojlanishiga sabab boʻlishi mumkin. Sodiqovning alohida taʼkidlashicha, koʻz kasalliklari bolaning jismoniy salomatligiga jiddiy taʼsir koʻrsatadi. Masalan, koʻzda quruqlik sindromi bilan bola koʻp kitob oʻqiyolmaydi, doskani yaxshi koʻrolmaydi, astigmatizm esa boshga ogʻriq beradi.