Milliy sertifikat test javoblarini sotmoqchi bo‘lgan maktab direktor o‘rinbosari ushlandi

eʼlon qilindi
Foto: Serezniy / www.depositphotos.com

Toshkent va Jizzax viloyatlarida davlat xizmatchilarining poraxo‘rlik bilan bog‘liq noqonuniy faoliyati fosh etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.

Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining mas’ul xodimi Maxsus tibbiy ta’minot bazasida saqlanayotgan tibbiyot buyumlarini hujjatlarni qalbakilashtirish orqali $57,8 mingga sotmoqchi bo‘lib, oldindan $40 ming olgan vaqtida qo‘lga olindi. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va 209-moddasi 1-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani elektr ta’minoti bo‘limi bosh muhandisi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJga qarashli «Energosavdo» korxonasi xodimi bilan til biriktirib, tadbirkorning yer maydoniga elektromobil quvvatlash shoxobchasi uchun transformator o‘rnatish va hujjatlarni tayyorlash evaziga 90 mln so‘m pora olgan vaqtida ushlandi. Ular Jinoyat kodeksining 214-moddasi 3-qismi «v, g» bandlari bo‘yicha javobgarlikka tortildi.

Shuningdek, Namangan shahridagi maktab direktor o‘rinbosari oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun milliy sertifikat test javoblarini tanishlari orqali yetkazib berish evaziga $20 ming talab qilgan va $8 ming hamda 156 mln so‘m olayotganida qo‘lga tushdi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2024-yilda O‘zbekistonda mansabdorlik jinoyatlari soni 11,8% ga oshgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek