Kimlar ro‘za tutmasligi mumkin

1-mart 2025 21:33 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Muxbir h.muxtorova@kursiv.media
Foto: Ramadan.dubai

Muqaddas Islom dinida Ramazon oyida ro‘za tutish barcha balog‘atga yetgan, aqli raso va sog‘lom musulmonlarga farz qilingan. Biroq ba’zi holatlarda kishilar fidya berish evaziga ro‘zadan ozod qilinishi yoki keyinroq qazo qilishlariga ruxsat berilgan. Bu holatlar, asosan, insonning sog‘lig‘i, jismoniy imkoniyati va hayotiy sharoitlari bilan bog‘liq. Ushbu uzrli kishilar Ramazon oyida ro‘za tuta olmasalar ham, kun davomida hurmat yuzasidan ochiqchasiga ovqatlanishdan tiyilishlari lozim. Quyida ro‘za tutmaslikka ruxsat berilgan kishilar va ularning uzrli holatlari haqida batafsil ma’lumot beramiz.

«Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinchilikni xohlamaydi» (Baqara surasi, 185-oyat)

«Al-Fiqhul Hanafiyya» kitobiga ko‘ra, ro‘za tutmaslikka ruxsat berilgan kishilar ikki toifaga ajratiladi:

  1. Ro‘za tutmaslikka ruxsat berilgan va keyinchalik qazosini tutishi shart bo‘lganlar:

— Musofirlar;

— Vaqtinchalik kasallik bilan og‘rigan bemorlar;

— Homilador, emizikli, hayz yoki nifos ko‘rgan ayollar ;

— Halok bo‘lish xavfi mavjud holat yoki og‘ir mehnatdagi insonlar.

2. Ro‘zani tutmasligi lozim bo‘lgan va fidya to‘lash orqali ushbu farzini bajaradiganlar:

— Jismonan cheklangan keksalar;

— Surunkali kasallik bilan og‘rigan bemorlar.

Foto: Aa.tr

1.1 Musofirlar

Yashash joyidan 86 km yoki undan uzoqroq masofaga o‘n to‘rt kun yoki undan kamroq muddatga safarga chiqqan bo‘lsa, u musofir hisoblanadi va unga ro‘za tutmaslik yengilligi beriladi. Biroq agar u safarda bo‘lsa ham o‘zini yaxshi his etsa va ro‘za tutish unga ortiqcha qiyinchilik tug‘dirmasa, ro‘zani davom ettirishi mumkin. Shunga qaramay shariat musofirga ro‘zani keyinroq qazo qilishga ruxsat beradi. Ro‘za tutmagan musofir kishi esa Ramazondan keyin qoldirgan ro‘zalarining qazosini to‘liq tutib beradi.

«Sizdan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi» (Baqara surasi, 185-oyat)

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bilan safarga chiqardik. Bizning oramizda ro‘zadorlar ham, ro‘za tutmaganlar ham bor edi. Ro‘za tutganlar tutmaganlarni, tutmaganlar ro‘za tutganlarni ayblamasdi» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

1.2 Vaqtinchalik kasallik bilan og‘rigan bemorlar

Agar bemor ro‘za tutish natijasida kasalligi og‘irlashishi yoki tuzalishi sekinlashishidan xavotir olsa, Islom unga ro‘za tutmaslikka izn beradi. Bunda bemor tuzalganidan so‘ng, qazo ro‘zalarini tutib beradi. Ammo unutmaslik joizki,  gohida ro‘za tutish ayrim kasallikdan shifo topishga ham sabab bo‘ladi.

«Sizdan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi» (Baqara surasi, 185-oyat)

Foto: Cdc.com

1.3 Homilador, emizikli, hayz yoki nifos ko‘rgan ayollar

Agar homilador ayol ro‘za tutishi natijasida o‘ziga yoki bolasiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lsa, u ro‘zani keyinroqqa qoldirishi mumkin. Xuddi shunday, emizikli ayollar ham agar ro‘za tutish ona yo bolaning sog‘lig‘iga ta’sir qilsa, ro‘zadan uzrli hisoblanadilar.

Bunday ayollar keyinchalik imkon topganda qazo ro‘zalarini tutishlari zarur. Ammo ular surunkali kasallik bilan og‘rigan bo‘lsa, fidya berish orqali farzlarini ado etadilar.

Islomda hayz yoki tug‘uruqdan keyingi nifos holatidagi ayollarga ro‘za tutish taqiqlangan. Ramazon o‘tgach, ular hayz yoki nifos kunlarida qoldirgan qazo ro‘zalarini tutib berishlari shart.

«Sizdan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi» (Baqara surasi, 185-oyat)

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘ziga zarar yetishidan qo‘rqqan homiladorga va bolasiga zarar yetishidan qo‘rqqan emizikli ayolga ro‘zasini ochishga ruxsat berdilar»  (Imom Nasaiy va Ibn Moja rivoyati).

Hayz va nifos ko‘rgan ayollar ham uzrli kunlarida ro‘za tutmaydi. Pok bo‘lishlari bilan ro‘zani tutib boshlaydi. Qolib ketgan kunlarni Ramazondan keyin tutishadi («Hidoya», «Ixtiyor», «Fathu bobil inoya» kitoblaridan).

«Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘ziga zarar yetishidan qo‘rqqan homiladorga va bolasiga zarar yetishidan qo‘rqqan emizikli ayolga ro‘zasini ochishga ruxsat berdilar»  (Imom Nasaiy va Ibn Moja rivoyati).

Foto: Medium.com

1.4 Halok bo‘lish xavfi mavjud holat yoki og‘ir mehnatdagi insonlar

Agar kishi umumiy holatda ro‘za tutishga yarasa-yu ammo Ramazon oyi davomida og‘ir mehnat bilan shug‘ullansa, tutgan ro‘zasini ochib yuborishi va uni keyinroq tutib berishi mumkin. Bunda og‘ir mehnat egalariga kafforat vojib bo‘lmaydi. Ya’ni ular kasb-hunarlari tufayli fidya bilan ro‘za tutishdan ozod bo‘la olmaydilar. Shu sababli novvoy, temirchi, konchi va boshqa shu kabi og‘ir jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchi kishilar ro‘zani to‘liq ado etishga qodir bo‘lmaydigan darajada ortiqcha yuklama olishdan tiyilishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.

«Nafaqaga muhtoj kasb egasi agar o‘z kasbi bilan shug‘ullansa, o‘ziga ro‘zani buzishni muboh qiladigan zarar yetishni bilsa, unga kasal bo‘lishidan oldin ro‘zasini buzishi harom bo‘ladi»  (Fatovoyi Hindiya kitobidan)

Foto: LinkedIn

2.1 Jismonan cheklangan keksalar

Inson qarilik tufayli jismonan zaiflashgan bo‘lsa va ro‘za tutish unga haddan tashqari qiyinchilik tug‘dirsa, unga ro‘za tutmaslikka ruxsat beriladi. Odatda, bunday kishi keyinchalik ham ro‘za tutib bera olmasligi tufayli har kunlik ro‘za o‘rniga fidya berish orqali o‘z farzlarini bajarishi lozim bo‘ladi.

Ibn Abbos roziyallohu anhu: «Bu ro‘za tuta olmaydigan qari va qariyalar uchundir. Ular har bir kunlariga bitta miskinni taomlantiradilar», deganlar. Buni Imom Buxoriy Ibn Abbosdan rivoyat qilgan. Ali va Ibn Umar roziyallohu anhulardan ham rivoyat qilingan. («Al-Fiqhul hanafiyya», 437-444-betlar).

Foto: News-medical.net

2.2 Surunkali kasallik bilan og‘rigan bemorlar

Ro‘za tutish ba’zi surunkali kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar uchun jiddiy asoratlar keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, qandli diabetda uzoq vaqt ovqat va ichimlik iste’mol qilinmasa, qondagi shakar miqdori keskin pasayishi yoki ko‘tarilishi ehtimoli bor, bu esa jiddiy xavf tug‘diradi. Yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar uchun ro‘za organizmdagi suv va tuz balansiga ta’sir qilib, yurak yetishmovchiligi yoki yuqori qon bosimi xavfini oshirishi mumkin. Buyrak kasalliklari, ayniqsa buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rigan kishilar uchun suvsizlik toksinlarning to‘planishiga olib kelishi va buyrak faoliyatini yanada yomonlashtirishi mumkin. Oshqozon-ichak yarasi bilan og‘rigan bemorlar uchun ro‘za oshqozon kislotalarining ko‘payishiga sabab bo‘lib, ichki qon ketish va og‘riqlarni kuchaytirishi mumkin. Epilepsiya va boshqa nevrologik kasalliklar dorilarni o‘z vaqtida qabul qilishni talab etadi, uzoq muddat och qolish esa xurujlar soni va og‘irligini oshirishi mumkin. Onkologik kasalliklarga chalingan bemorlar immuniteti zaiflashgan bo‘lib, ularga doimiy ovqatlanish va muayyan parhezga rioya qilish muhim sanaladi. Astma va surunkali nafas yo‘llari kasalliklari bilan og‘rigan kishilar uchun esa suvsizlik nafas olish qiyinlashishiga va xurujlarning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli, shariat bunday bemorlarga ro‘za tutmaslikka ruxsat beradi va ularga farzlarini fidya berish orqali bajarishlariga imkon taqdim etadi.

«Sizdan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi» (Baqara surasi , 185-oyat)

Foto: Ramadandubai.com

Ma’lumot uchun, Fidya bu ro‘za tuta olmaydigan insonning ro‘zadorga beradigan ehsonidir. Fidya odatda Ramazon oyining har bir kuniga bir miskinning kunlik ovqati yoki uning qiymaticha beriladigan pul bo‘lishi mumkin.

Ro‘za tutish qiyin bo‘lgan holatlarda shariat insonga o‘z salomatligi va holatiga qarab ro‘zani keyinroqqa qoldirishga yoki fidya berish orqali zimmasidagi farz amalini bajarishga ruxsat beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil uchun zakot, fitr va fidya miqdori haqida yozgan edik.

Shuningdek