Toshkentda fuqaroning joniga qasd qilish urinishidan yong‘in chiqdi – video

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Hodisa oqibatida 6 nafar fuqaro qutqarilib, ularga tibbiy yordam ko‘rsatildi
Gaz chaqnashi
O‘z joniga qasd: Gaz chaqnashi va yong‘in yuz berdi / Foto: FVB

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida fuqaroning o‘z joniga qasd qilishga urinish natijasida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda poytaxt Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.

Bugun, 1-mart kuni soat 15:23 da Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Mirzo Ulug‘bek tumani, Qorasuv-4 mavzesidagi ko‘p qavatli uylardan birida chaqnash sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga shu xonadonda yashagan fuqaroning o‘z joniga qasd qilishga uringani sabab bo‘lgan. U oshxonada gaz plitasini yoqib, havo-gaz aralashmasining chaqnashiga sabab bo‘lgan. Portlash natijasida yong‘in boshlangan va atrofga olov tarqalgan. Shundan so‘ng fuqaro o‘zini 9-qavatdan tashlab, halok bo‘lgan.

Zudlik bilan voqea joyiga yong‘in-qutqaruv ekipajlari, Ichki ishlar bosh boshqarmasi, tez tibbiy yordam, prokuratura va boshqa tegishli idoralar xodimlari yetib bordi. Qutqaruvchilar soat 15:29 da yetib kelganida, 9 qavatli uyning 9-qavatidagi xonadonda yong‘in davom etayotgan edi. Yong‘in soat 16:07 da to‘liq bartaraf etildi.

Hodisa oqibatida 6 nafar fuqaro qutqarilib, ularga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Dastlab halok bo‘lganlar haqida ma’lumot berilmagan edi, biroq keyinchalik tergov natijalariga ko‘ra, chaqnash fuqaroning o‘z joniga qasd qilishga urinishidan kelib chiqqani tasdiqlandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 10-fevral kuni Buxoro viloyati hududidan o‘tgan, diametri 1020 mm bo‘lgan magistral gaz quvurida gaz sizib chiqishi oqibatida yong‘in yuzaga kelgani haqida yozgan edi.

Shuningdek