
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Surxondaryodagi «Termiz» xalqaro savdo markazida Afg‘oniston Savdo vaziri Nuruddin Aziziy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro savdo hajmini $3 mlrdga yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgiladi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat va tog‘-kon sanoati sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Uchrashuv doirasida 60 ga yaqin tadbirkorlar ishtirokida «B2B» muzokaralari tashkil etilib, yangi biznes aloqalar va qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tashqi savdo operatsiyalarini monitoring qilish tartibiga oʻzgartirishlar kiritilgan edi.