Samsung kompaniyasi yangi Galaxy A26 smartfonini taqdim etdi. Bu haqda GSM Arena ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, qurilma chang va suvdan IP67 himoyasiga ega bo‘lib, 6,7 dyuymli OLED ekrani va Exynos 1380 protsessori bilan jihozlangan. Galaxy A26 Android 15 bazasidagi OneUI 7.0 bilan chiqadi va 6 yil davomida tizim hamda xavfsizlik yangilanishlarini oladi. Smartfon 6 yoki 8 GB operativ, 128 yoki 256 GB ichki xotiraga ega.

Asosiy kamera 50 MP (OIS bilan), 8 MP va 2 MP sensorlardan iborat, old kamera esa 13 MP. Qurilma 5000 mA·soat akkumulyator va 25 Vt tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Galaxy A26’ning AQShdagi narxi $300, Yevropada esa 128 GB versiyasi 300 yevro, 256 GB varianti 370 yevroga baholangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Galaxy S25 seriyasi Janubiy Koreyada savdo rekordini yangilagan edi.