Eksklyuziv huquq bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi

28-fevral kuni «Iqtisodiyotda raqobatni rivojlantirish va xususiy sektorning rolini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon imzolandi. Ushbu hujjat mamlakatda xususiy sektorning iqtisodiy ishtirokini kengaytirish va raqobat muhitini mustahkamlashga qaratilgan.
Unga ko‘ra, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va davlat tashkilotlariga muayyan tovarlarni ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish yoki sotish bo‘yicha berilgan mutlaq huquq eksklyuziv huquq sifatida tan olinadi.
Bunday huquq quyidagi asoslarda taqdim etiladi:
- qonunchilik hujjatlari bilan istisno tariqasida berilgan ruxsat (huquq);
- umumiy tartibdan tashqari ravishda berilgan yakka tartibdagi litsenziya (ruxsatnoma).
Bunda tanlov (tender) asosida taqdim etilgan litsenziyalar eksklyuziv huquq hisoblanmaydi.
Shuningdek, farmonga muvofiq shu yilning 1-aprelidan boshlab xo‘jalik yurituvchi subyektlarga eksklyuziv huquq 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga konstitutsiyaviy tuzum, aholining sog‘ligi, O‘zbekiston mudofaa qobiliyati, davlat va jamoat xavfsizligi hamda jamoat tartibini ta’minlash hamda tabiiy ofatlar, halokatlar va epidemiyalarning oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida beriladi.
Shu bilan birga, farmon bilan 1-apreldan boshlab ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha eksklyuziv huquqlari bekor qilinadi.
Eksklyuziv huquq bekor qilinadigan tashkilotlarga quyidagilar kiradi:
- «O‘zbekekspertiza» AJ va uning hududiy bo‘linmalari – xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkka sertifikat berish huquqidan mahrum etiladi;
- «O‘zinjiniring» loyiha instituti – investitsiya loyihalarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha eksklyuziv huquq bekor qilinadi;
- «Milliy PR-markazi» DUK – O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan xorijiy kompaniyalarning reklama va prodyuserlik xizmatlarini tayyorlash hamda translyatsiya qilish bo‘yicha eksklyuziv huquqdan voz kechadi;
- «Sag agro MTP» MChJ – yong‘oq ishlab chiqaruvchilarga agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha mexanizatsiya xizmatlarini ko‘rsatish huquqi mahrum etiladi;
- «O‘zbekiston standartlar instituti» – milliy standartlarni shartnoma asosida boshqa tillarga tarjima qilish bo‘yicha eksklyuziv huquqi bekor qilinadi.
Shuningdek, «Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi» DUKning turoperatorlar, joylashtirish vositalari, tog‘ chang‘isi trassalari va plyajlar xizmatlarini sertifikatlashtirish, ularga toifa berish hamda ularning standartlarga muvofiqligini inspeksiya qilish vazifasi Turizm qo‘mitasiga o‘tkaziladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekistonda 1-martdan nimalar o‘zgarishi haqida yozgandi.