Yangiliklar

Makron Yevropa Ittifoqining Ukraina boʻyicha rejasi tafsilotlarini oshkor qildi

Bu haqda u mahalliy Le Figaro nashriga ma’lum qildi
Makron Yevropa Ittifoqining Ukraina boʻyicha rejasi tafsilotlarini oshkor qildi. Foto: Politico

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa Ittifoqining (YI) Ukraina boʻyicha shartnomasi tafsilotlarini oshkor qildi. Uning asosiy tezisi «havoda, dengizda va energetika infratuzilmasiga hujumlarda» bir oylik sulh e’lon qilishdir. Bu haqda u mahalliy Le Figaro nashriga ma’lum qildi.

«Bu vaqtdan real yarashuvga erishish, muzokaralar olib borish va tinchlik imzolangandan soʻng vaziyatni kengaytirish uchun foydalanish muhim», – deydi Makron.

Makronning fikricha, bir oylik muddat zarur, chunki front chizigʻining katta uzunligini hisobga olgan holda darhol oʻt ochishni toʻliq toʻxtatish ancha qiyin. Shuningdek, u yaqin orada YI Ukrainaga qoʻshin yuborishni rejalashtirmayotgani, balki kelishuv barcha tomonlar tomonidan muhokama qilinganidan keyingina amalga oshirilishini ta’kidladi. Xususan, yakuniy hujjat shakllantirilgandan soʻng uni AQSh bilan muhokama qilish rejalashtirilgan.

«Biz tinchlikni istaymiz. Ammo biz uni har qanday holatda kafolatsiz xohlamaymiz», – dedi u.

Bundan tashqari, Fransiya rahbari Yevropa Ittifoqi endi mudofaa uchun yalpi ichki mahsulotning 3,5 foizini sarflash niyatida ekanini aytdi, bu NATOning 2 foizlik koʻrsatkichidan sezilarli darajada yuqori.

Eslatib oʻtamiz, 28-fevral, juma kuni Oval kabinetda AQSh va Ukraina oʻrtasida Ukraina foydali qazilmalaridan foydalanish boʻyicha kelishuv imzolanishi kerak edi. Ammo marosim oldidan Zelenskiy va Tramp qattiq tortishib qoldi Natijada Ukraina delegatsiyasi Oq uyni tark etdi va kelishuv bekor qilindi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Zelenskiy va Tramp o‘rtasidagi tortishuvga dunyo qanday munosabatda bo‘lgani haqida xabar bergan edi.