Pepsi ishlab chiqaruvchisi Baraka market’ning 100 foizlik ulushini sotib oladi

Raqobat qo‘mitasi «International Beverages Tashkent» MChJ XK tomonidan «Urban Retail» MChJ XKning 100 foiz ulushlarini sotib olish bo‘yicha arizasini ma’qulladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.
Qo‘mita bu bitim korporativ tarkibiy o‘zgartirish hisoblanishi va to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobat muhitiga ta’sir ko‘rsatmasligi bo‘yicha xulosaga kelgan.
Ma’lumot uchun, «International Beverages Tashkent» kompaniyasi O‘zbekistonda Pepsi, 7UP, Mirinda, Mountain Dew, Adrenaline Rush va Lipton savdo belgilari ostida salqin ichimliklar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Ustav kapitali 32,2 mlrd so‘mdan ortiq.
Baraka market savdo belgisi bilan faoliyat yuritayotgan «Urban Retail» kompaniyasi spirtsiz salqin ichimliklar, oziq-ovqat hamda nooziq-ovqat mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilot hisoblanadi. Kompaniya 2020-yil iyun oyida Toshkentda tashkil etilgan bo‘lib, direktori Nikolay Viktorovich Razumovskiy etib ko‘rsatilgan.
Uning ustav fondi 5 mlrd so‘mni tashkil etib, BAAda ro‘yxatdan o‘tgan «Holten enterprise holdings LTD» 99 foizga «Holten Group Corp» esa 1% ulushga egalik qilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Raqobat qo‘mitasi tomonidan 500 mln so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonun buzilishini aniqlagani haqida yozgandi.