
Bugun Xiaomi Yevropa bozorida Xiaomi 15 va Xiaomi 15 Ultra smartfonlarini rasman taqdim etdi. Shu bilan birga, kompaniya vakili yana bir innovatsion aksessuar – Xiaomi Magnetic Camera Module’ni ham namoyish qildi. Bu haqda Xiaomitime xabar berdi.
Mazkur qurilma oddiy smartfon kameralaridan ancha katta Micro 4/3 sensorli kamerani o‘z ichiga oladi. Undagi obyektiv F/1.4 diafragmali va 35 mm ekvivalent fokal masofaga ega bo‘lib, suratga olish sifati jihatidan an’anaviy smartfon kameralaridan ustun turadi.

Xiaomi Magnetic Camera Module smartfon orqa paneliga magnit yordamida birikadi va darhol ulanadi. Uni alohida batareya bilan ta’minlash shart emas, chunki unda mustaqil protsessor yo‘q – barcha jarayonlar smartfon tomonidan boshqariladi.
Hozircha bu qurilma faqat prototip bo‘lib, uning tijorat bozoriga chiqarilishi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi yupqa va kuchli Redmi Book Pro 2025 noutbuklarini taqdim etgani haqida yozgan edi.