AQSh Kongressmeni Tramp suratini $100 kupyuraga joylashtirishni taklif qildi

Texaslik respublikachi kongressmen Brandon Gill prezident Donald Trampning suratini $100 kupyuraga joylashtirish bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etdi. Bu haqda Fox News ma’lum qildi.
Gillning ta’kidlashicha, Tramp nafaqaga chiqib, oilasi bilan dam olish o‘rniga mamlakat chegaralarini mustahkamlash, xalqaro savdodagi tengsizlikni bartaraf etish va AQShni energiya mustaqilligiga qaytarish yo‘lida harakat qilmoqda. Shu sababli, uning suratini Benjamin Franklin o‘rniga joylashtirish «uning kelgusi to‘rt yildagi xizmatlarini qadrlashning kichik bir ifodasi» bo‘lishi mumkin.
Loyiha qabul qilinsa, 2026-yil oxiriga qadar dastlabki dizayn tayyorlanib, 2029-yildan boshlab muomalaga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Gillning taklifi Kongressdagi boshqa respublikachilarning Tramp sharafiga yangi $250 kupyura yaratish haqidagi tashabbusidan keyin ilgari surilmoqda. Biroq AQSh valyutasida yashayotgan insonlarning suratini joylashtirishga ruxsat beruvchi qonun hali mavjud emas.
So‘nggi bor 1929-yilda $20 kupyurada Grover Clevelandning o‘rniga Endryu Jekson joylashtirilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp «Yil odami» mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.