Yangiliklar

Import qiluvchilar tovarlarni Yevropa Ittifoqiga olib kirish uchun oldindan deklaratsiyalashlari kerak boʻladi

Talab avtomobil va temir yo‘l transportiga nisbatan qo‘llaniladi
Foto: Unsplash

Yevropa Ittifoqi importni nazorat qilish tizimini joriy etmoqda. Bu haqda Yevrokomissiya xabarida e’lon qilindi.

1-apreldan boshlab import qiluvchilar va transport kompaniyalari tovarlarni Yevropa Ittifoqiga (YeI) import qilish uchun elektron deklaratsiyalarini oldindan taqdim etishlari shart.

Qoidalar YeIga avtomobil va temir yoʻl orqali olib kiriladigan tovarlarga nisbatan qoʻllaniladi. Bu tranzit yuklarga ham tegishli.

Oʻzbekiston Transport vazirligi yangi talablar bilan tanishib chiqishingizni soʻramoqda. Agar elektron deklaratsiya yetishmayotgan yoki notoʻgʻri toʻldirilgan boʻlsa, yuk hibsga olinishi, tashuvchiga jarima solinishi yoki tovarlar Yevropa Ittifoqiga umuman kiritilmasligi mumkin.

Yangi qoidalar joriy etilishidan oldin deklaratsiya toʻgʻridan toʻgʻri Yevropa Ittifoqiga tovarlarni olib kirishda toʻldirilishi mumkin edi.

Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan Migratsiya agentligi va Latviyaning «Sia Kreiss» kompaniyasi yuk avtomobili haydovchilari uchun 40 ta boʻsh ish oʻrni taklif qilayotgani haqida yozgan edi.