
Turkiyaning Lucca gold factory kompaniyasi Namanganda oltinni qayta ishlash va zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi korxona tashkil etish rejasini e’lon qildi. Mazkur loyiha doirasida $5 mln miqdorida investitsiya jalb etiladi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi ma’lum qildi.
Turkiyaning tajribali kompaniyasi ushbu yo‘nalishda xalqaro miqyosda yetakchilardan biri hisoblanadi. Kompaniya rahbari Yalchin Akin boshchiligidagi delegatsiya Namanganga tashrif buyurib, viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov bilan uchrashdi. Uchrashuvda zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish va eksport imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif davomida mehmonlar viloyat markazidan yangi zavod uchun qulay joylarni ko‘zdan kechirdi. Yangi tashkil etilayotgan Namangan gold factory korxonasi viloyatda zargarlik sanoatini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Namangan viloyatida zargarlik sohasini rivojlantirish bo‘yicha ishlar prezidentning 2023-yil mart oyidagi tashrifi davomida belgilangan chora-tadbirlar doirasida olib borilmoqda. O‘tgan bir yil davomida bu yo‘nalishda sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, Turkiya tajribasi asosida oltinni qayta ishlash va sotish bo‘yicha yirik markazni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ayrim zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilari mol-mulk va yer solig‘idan ozod etilishi haqida xabar bergan edi.