Olimlar jundor sichqon yaratdilar. Endi navbat mamontlar avlodiga

Amerikaning Colossal Biosciences kompaniyasi genetik modifikatsiya orqali «jundor sichqon» yaratdi. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bu tajriba olimlarga yo‘qolib ketgan hayvonlarning xususiyatlarini tiklash yo‘lida muhim qadam bo‘lishi mumkin. Sichqonning jingalak mo‘ylovlari va uzun, to‘lqinsimon tuklari uni junli mamontga o‘xshash qilib ko‘rsatadi.

Tadqiqotchilar mamont va eng yaqin tirik qarindoshi – Osiyo filining genlari o‘rtasidagi farqlarni aniqlab, sichqon DNKsiga mos o‘zgarishlar kiritdi. Soch o‘sishini nazorat qiluvchi FGF5 geni tahrirlanib, sichqonning tuklari qalinlashdi va uzunlashdi. Shuningdek, boshqa genlar ham tuklarning tuzilishi va rangi uchun modifikatsiya qilindi.
Lekin ayrim olimlar tajribani tanqid qilib, sichqonlarning sovuqqa chidamliligini o‘rganish lozimligini aytishmoqda. Chunki asosiy maqsad – yo‘qolgan hayvonlarning muhim xususiyatlarini qayta tiklash.

Colossal Biosciences 2028-yilga kelib junli mamontlar avlodini yaratishni rejalashtirmoqda. Lekin tanqidchilar haqiqiy mamontni qayta yaratish mumkinligiga shubha qilishmoqda va bu loyihaga sarflanayotgan mablag‘lar boshqa ilmiy tadqiqotlarga yo‘naltirilishi lozimligini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misrda fir’avnga tegishliligi aytilayotgan qabr topilgan edi.