Sport

Raneri va «Roma» nima uchun jarimaga tortildi

Jarimaning umumiy miqdori 31 ming yevroni tashkil etdi
Клаудио Раньери
Клаудио Раньери. Foto: LPS/Claudio Benedetto/depositphotos

UEFA «Roma» bosh murabbiyi Klaudio Ranerini Yevropa Ligasi pley-off bosqichida «Portu»ga qarshi oʻyinda hakamlarni tanqid qilgani uchun 20 ming yevro jarimaga tortdi. Bu haqda Football Italia nashri xabar berdi.

Shu bilan birga, jamoa oʻsha oʻyin davomida oʻzini notoʻgʻri tutgani uchun yana 11 ming yevro toʻlashi kerak boʻladi.

13-fevral kuni boʻlib oʻtgan oʻyinda 1:1 hisobidagi durang qayd etildi. Ikkinchi boʻlimda germaniyalik hakam Tobias Shtiler «Roma» yarimhimoyachisi Brayan Kristanteni maydondan chetlatdi. Bu esa Ranerining gʻazabini qoʻzgʻatgan.

Javob oʻyinida «Roma» «Portu» ustidan 3:2 hisobida gʻalaba qozonib, 1/8 finalga yoʻl oldi. Ushbu uchrashuvda oʻzbekistonlik futbolchi Eldor Shomurodov Paulo Dibalaga bitta golli uzatma amalga oshirdi.