Gadjetlar

Xiaomi 15 Ultra Photography Kit aksessuar to‘plami taqdim etildi

$200 ni tashkil qiladi
Xiaomi 15 Ultra Photography Kit
Xiaomi 15 Ultra Photography Kit taqdim etildi / Foto: Xiaomi

Xiaomi kompaniyasi yangi Xiaomi 15 Ultra Photography Kit aksessuar to‘plamini rasman taqdim etdi. Ushbu to‘plam $200 ga baholanib, Xiaomi 15 Ultra smartfoni egalari uchun maxsus ishlab chiqilgan. Bu haqda Gizmochina nashri ma’lum qildi.

Photography Kit tarkibiga yuqori sifatli kamera tutqichi kiradi, u nafaqat qulay ushlash imkoniyatini beradi, balki himoya g‘ilof vazifasini ham bajaradi. Tutqich nano-teri material bilan qoplangan bo‘lib, smartfonni mahkam ushlash hamda himoya qilish imkonini beradi. Shuningdek, bu tutqich dok-stansiya vazifasini bajarib, turli aksessuarlarni osongina ulash yoki ajratishga imkon beradi.

Suratkashlar uchun yana bir muhim jihat – to‘plam tarkibiga 67 mm lik adapter halqasi ham kiradi. Bu halqa orqali smartfon kamerasiga tashqi filtrlar va linzalar ulash mumkin. Kamera linzalarini chizilishdan himoya qilish uchun obyektiv qopqog‘i ham mavjud.

Xiaomi 15 Ultra Photography Kit
Xiaomi 15 Ultra Photography Kit taqdim etildi / Foto: Xiaomi

Photography Kit ikki bosqichli suratga olish tugmasi bilan jihozlangan bo‘lib, u haqiqiy fotoapparat kabi ishlaydi. Shuningdek, tutqichda kattalashtirish tugmasi ham mavjud bo‘lib, foydalanuvchilarga ekranga tegmasdan fokus uzunligini sozlash imkonini beradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi 15 Ultra’ning barcha xususiyatlari fosh bo‘lgani haqida xabar bergan edi.