«Yangi Toshkent» qurilishi: Ish izlovchilar uchun Telegram bot ishga tushdi

20 ming gektar maydonda bunyod etilayotgan «Yangi Toshkent» loyihasi doirasida qurilish sohasi mutaxassislari uchun ish o‘rinlari taklif etilgandi. Bandlik vazirligi fuqarolarning ish o‘rinlari haqida ma’lumot olish maqsadida Call-markazga qo‘ng‘iroq qila olmayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, qurilishda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar Call-markazga kun davomida 1000 ga yaqin qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirmoqda. Natijada bir vaqtning o‘zida 50 tagacha qo‘ng‘iroqni qabul qilish imkoniyatiga ega tizimda yuklama oshib ketgani tufayli uzilishlar yuzaga kelgan.
Vazirlik ushbu holat 4-mart kuni soat 12:00 ga qadar bartaraf etilishini ma’lum qildi. Shuningdek, qo‘ng‘iroq qilib bog‘lana olmagan fuqarolar uchun @yangi_toshkent_qurilishi_bot Telegram boti ishga tushirilmoqda. Ushbu bot orqali murojaat qoldirganlarga Call-markaz operatorlari kun davomida o‘zlari qayta aloqaga chiqadi.
Ma’lumot uchun, «Yangi Toshkent» loyihasi doirasida qurilish sohasi mutaxassislari betonchi, payvandchi, santexnik, g‘isht teruvchi, elektrik, suvoqchi kabi 38 turdagi yo‘nalish bo‘yicha ish o‘rinlari e’lon qilingan. Ishchilar yotoqxona, maxsus kiyim-kechak, transport va uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Yangi Toshkent» 10 mingga yaqin quruvchilarni ishga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.