Yangiliklar

Yudzi Ivasava BMT Xalqaro sudining yangi raisi etib saylandi

Avvalgi rais Navaf Salom Livan bosh vaziri lavozimiga tayinlangani sababli iste’foga chiqqan
Yudzi Ivasava BMT Xalqaro sudining yangi raisi etib saylandi
Foto: x.com/CIJ_ICJ

BMT Xalqaro sudining yangi raisi etib Yudzi Ivasava (Yaponiya) saylandi. Bu haqda sud o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida rasman e’lon qildi.

«2025-yil 14-yanvar kuni Navaf Salom raislik lavozimidan iste’foga chiqqani bois Ivasava Yudzi bugun BMT Xalqaro sudi raisi etib saylandi», – deyiladi xabarda.

BMT Xalqaro sudining avvalgi raisi Navaf Salom Livan bosh vaziri lavozimiga tayinlangani sababli iste’foga chiqqan. Aslida, uning sud raisi sifatidagi vakolati 2027-yil 5-fevralgacha davom etishi kerak edi.

Ivasava 2018-yil 22-iyundan beri BMT Xalqaro sudining a’zosi hisoblanib, bugungi kunga qadar u Tokio universitetida xalqaro huquq professori hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Aziz Toshpo‘latov O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinlangani haqida yozgandi.