
5-mart kuni ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimi va markazini tashkil etish bo‘yicha farmon imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu tizim bilan 8 mlndan ortiq turar va noturar joylar hamda 7 millionga yaqin yer uchastkalari iqtisodiy aktiv sifatida baholanadi. Soliq solish, oldi-sotdi, garovga qo‘yish kabi operatsiyalar uchun aniqlanadigan qiymatlar o‘zaro mutanosib bo‘lishi ta’minlanadi. Shuningdek, ko‘chmas mulk bozoriga oid ishonchli, to‘liq va doimiy yangilanib boruvchi axborot bazasi yaratiladi.
Baholash ishlari 2025 – 2026-yillarda eksperiment tariqasida Toshkent shahrida 2026 – 2027-yillarda Nukus shahri va viloyatlar markazlarida hamda 2027-yil va undan keyingi yillarda respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Tizim bilan birga ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi ham tashkil etiladi. 2026-yil oxirigacha Toshkent shahridagi tajriba, xalqaro ekspertlar xulosalari va ilg‘or tajribalarga asoslanib «Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Shu yilning 1-noyabriga qadar esa «Ko‘chmas mulk bozori monitoringi» va «Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash» axborot tizimlari yo‘lga qo‘yiladi.
Tizim doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi – sohada yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi organ, Kadastr agentligi – maxsus vakolatli organ va Milliy markaz – ijro etuvchi organ sifatida ish olib boradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ko‘chmas mulk ijarasi va oldi-sotdisida yangi tartiblar joriy etilgani haqida yozgandi.