Aqlli so’mlar

Qanday qilib pulni samarali tejash mumkin

"Pulni topish oson, saqlash qiyin" O‘zbek xalq maqoli
Foto: Freepic

Xalqimiz orasida «pulni tejash kerak», «pulingni tejab-tergab ishlat», «Isrof qilma» kabi iboralar tez-tez quloqqa chalinadi. Qolaversa, ota-onalar ham o‘z farzandlariga «moliyaviy ta’lim» berish jarayonida shunday iboralarni kunda, kunora ishlatishni odat qilib olganlar. Xo’sh, pulni tejashdan manfaat nima? Umuman, pul nega tejaladi-yu, tejalgan pul yana nimaga, qayerga va qay yo‘sinda sarflanadi? Keling, bu kabi nihoyasi yo‘q savollarga birma-bir javob izlaymiz.

Siz ushbu maqoladan nima bilib olasiz

Pulni tejash nima va u nega kerak

Pulni tejash, nafaqat bugungi kun ehtiyojlari, balki kelajakda kutiladigan har qanday holat va xavfsizlikni ta’minlash uchun muhim usul hisoblanadi. Tejalgan mablag‘ bizni turmushning har xil og‘ir vaziyatlaridan eson-omon o‘tishimizga yordam beradi, qo‘limizda favqulodda holatlar uchun zaxira yaratadi. Bu uchungina bo‘lib qolmay, ushbu zaxira o‘z maqsadlarimizga erishishda, katta xaridlar yoki uzoq muddatli rejalar ustida ishlashda kor qiladi. Pulni tejash insonga moliyaviy erkinlikni berish bilan birga, stressni kamaytirib, hayotga bo‘lgan ishonchni-da oshiradi. Har bir tejalgan so‘m toma-toma yetarlicha sarmoya sifatida yig‘ilib boraveradi.

Foto: Mighty Pursuit

Tejashni istasangiz, nimadan qochish kerak

Marketing avj olgan asrda yashar ekanmiz, uning manipulyatsiyalaridan himoyalanishni bilishimiz ham vaqtimizga ham naqdimizga foydalidir. Bu kishidan o‘ta ziyraklik va ba’zan istaklariga qarshi chiqa oladigan darajadagi kuchli irodani talab etadi. Tasavvur qiling, birgina zarurat bilan do‘konga kirdingiz. Rastalarida terib qo‘yilgan rang-barang mahsulotlar, ko‘zni qamashtiruvchi yaltiroq qadoqlar, quloq ostida jarang sochadigan reklamalar-u yana turli marketing hiylalariga osongina yengilib qo‘yish hech gap emas. Bu xiyla kishiga pulni sarflashdan rohatlanishdek aldamchi his berib, bizni asl maqsaddan yiroqlashtiradi. Biror istalgan mahsulotni xarid qilishdan oldin uni oxirgi pulingiz qolsa ham olishingiz shart bo‘lgan darajada muhim yoki yo‘qligini o‘ylab ko‘ring. Agar bunday bo‘lmasa, ushbu mahsulot yoki xizmatga ehtiyojingiz katta emas.

Foto: Cleveland

Oziq-ovqat va kiyim-kechakdan qanday tejash mumkin

Oziq-ovqat va kiyim-kechak kabi zarur ehtiyojlardan ham pul tejash mumkin, albatta. Buning uchun har oyda rejalashtirilgan ro‘yxat tuzib, faqat zarur mahsulotlarni sotib olish lozim. Mavsum oldi aksiyalar va chegirmalar pulni tejash imkoniyatini yanada oshiradi. Uyda ovqat tayyorlash yoki ortgan ovqatni saqlab, qayta iste’mol qilish orqali ham sezilarli darajada tejamkorlikka erisish mumkin.

Kiyim-kechakda esa chegirmalar, mavsum oxiri aksiyalar va ikkinchi qo‘l kiyimlarni sotib olish orqali xarajatlarni kamaytirish mumkin. Bundan tashqari, kiyimlarni uzoq muddat avaylab kiyish va ulardagi kichik nuqsonlarni tuzatish bilan yangi kiyimlarga ehtiyojni kamaytirish mumkin. Qiymatidan ancha qimmat turadigan kiyim-kechaklarni xarid qilishdan uzoq yuring. Ularni tikuvchilarga tiktirishingiz mumkin bo‘lsa, shu orqali ham pulingizni tejang. Kiyimlarni qayta-qayta kiyishdan charchagan bo‘lsangiz, ularni yangi aksessuarlar yoki taqinchoqlar bilan bezagan holda yangi uslub yarating.

Foto: Garadvest.by

Jarima va penyalardan uzoq yuring

Jarimalar va kechiktirilgan to‘lovlar uchun penyalar pulingizni mayda-mayda yemirib boradi. Kredit kartalaringiz, kreditlaringiz va boshqa hisob-kitoblaringiz bo‘yicha kechiktirilgan to‘lovlar va foizlardan qochish uchun har doim to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq holda amalga oshiring.

Avvalo mamlakatdagi yo‘l harakati va boshqa ichki tartib qoidalarga rioya qilishga, namunali fuqaro bo‘lishga harakat qiling. Siz buzgan qonun-qoidalarning jazosi mehnat-mashaqqat bilan topayotgan pullaringizning jarimalarga sarflanishi bo‘lib qolmasin.

Foto: Descript

YouTube pul tejashga qanday yordam berishi mumkin

Buzilgan yoki ta’mirtalab narsalarni pulga usta yollamasdan, YouTube platformasidagi yo‘riqnomalar orqali o‘zimiz tuzatishimiz pulni tejashning yana bir samarali usulidir. Masalan, yoritgichlar, isitish tizimlari, plitka yoki pastki qavatdagi qoplama buzilgan bo‘lsa, YouTube’da bu narsalarni qanday tuzatish bo‘yicha ko‘plab qo‘llanma videolarini topish mumkin. Ushbu videolar yordamida siz ta’mir xarajatlarini aylanib o‘tasiz. (O‘ta ehtiyotkorlik choralari talab etadigan tuzatish ishlari bundan mustasno)

Shu bilan birga, O‘zbekiston sharoitida kichik miqdorda bo‘lsa-da, bir necha usullar orqali pul to‘plash mumkin. Masalan, Soliq ilovasi orqali qilingan xaridlardan 1% qismini qaytib olish, turli savdo tarmoqlari va marketlarning jamg‘arma ilovalarida esa xaridlarning 1%-5%gacha bo‘lgan qismini keshbek sifatida olish mumkin.

Foto: Bca.com

Pul tejashning yana besh usuli

Pul tejashni o‘rganish uchun ba‘zi foydali usullarni o‘zimizga odat qilib olishimiz lozim. Quyidagi qadamlar yordamida pul tejashni osongina kundalik odatga aylantirish mumkin:

QadamTavsif
1. Budjet tuzishOylik daromad va xarajatlaringizni aniq yozib boring. Ularning ichidan zarur va zarur bo‘lmagan xarajatlarni ajrating.
2. Xarajatlarni kamaytirishKichik, lekin tez-tez qiladigan xarajatlaringizni kamaytiring yoki ulardan butunlay voz keching. Masalan, uyda ovqat tayyorlashingiz orqali ko‘chada taom sotib olishga ehtiyojingiz qolmaydi.
3. O‘zgarishlar kiritishHar oydagi tejalgan pulni alohida hisobga o‘tkazing va tejashni tizimli ravishda amalga oshirib boring. Bunda tejalgan pul miqdori aniq hisoblab boriladi. Bu miqdorni oyma-oy oshirishga harakat qiling.
4. Maqsadni belgilashHar narsada bo‘lgani kabi pulni tejashda ham oldingizga aniq bir maqsad qo‘yishingiz lozim. Masalan: sayohat, kattaroq xaridlar yoki favqulodda holatlar uchun zaxira.
5. Pul shaklini tanlamaslikXoh naqd ko‘rinishda bo‘lsin xoh plastik kartangizda, pulni har qanday shakl va holatda tejashga sharoit yarating. Buning uchun biror bo‘sh plastik karta, bank hisob raqami yoki virtual hamyon ochib qo‘ying. (Bunda bank yoki shu kabi tijoriy xizmatlarni amalga oshiruvchi vositachilarni tanlashda o‘ta diqqatli bo‘lish lozim)
Foto: Payio.com

Tejalgan pullarni qayerda to‘plash mumkin

Tejalgan pullarni yig‘ish uchun bir nechta usullar bor. Eng oddiy va xavfsiz variantlardan biri – bank hisob raqamini ochishdir. Hozirgi kunda banklar ularni istalgan vaqtda yechib olish imkonini taqdim etishmoqda. Agar tejayotgan pullaringizni uzoq muddatga saqlamoqchi bo‘lsangiz, omonat foizlari orqali ma’lum miqdordagi daromad ham olishingiz mumkin.

Shuningdek, Paynet, Payme, Click va boshqa bir necha onlayn to‘lovlar uchun mo‘ljallangan ilovalardagi elektron hamyonlarda tejalgan pullaringizni xavfsiz saqlashingiz mumkin bo‘ladi. Agar, nomingizda kredit to‘lovi bo‘lmasa, pullarni yig‘ish uchun plastik kartalardan foydalanish ham maqbul yechim.

Ba’zilar pulni o‘z uyida, seyf yoki biror maxsus joyda saqlashni afzal ko‘rishadi. Albatta, buni ham variantlar qatoriga bemalol kiritish mumkin. Deylikki, sizning maqsadingiz tejalgan pulni ko‘paytirish bo‘lsa, aksiyalar, obligatsiyalar yoki ko‘chmas mulk kabi vositalarga investitsiya qilish usulini ham ko‘rib chiqishingiz mumkin. Ammo bu usul yetuk moliyaviy bilim yoki ishonchli mutaxassis yordami va maslahatini talab qiladi.

Xulosa qilib aytganda, pulni tejash orqali boy bo‘lib ketmaslik mumkin, lekin qashshoq ham bo‘lib qolmaymiz. Bu odat hech qachon zarar keltirmaydi, aksincha, kundalik ehtiyojlarni qondirish, kelajakdagi moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va favqulodda holatlarni yengib o‘tishda yordam beradi.