Yanvarda Oʻzbekiston dunyoda eng koʻp oltin sotib olgan davlatga aylandi

Jahon oltin kengashi (WGC) ma’lumotlariga koʻra, yanvar oyida Oʻzbekiston dunyoda eng koʻp oltin sotib olgan davlat boʻldi.
Mamlakat Markaziy banki 8 tonna oltin xarid qilib, zaxiralarini 391 tonnaga yetkazdi. Bu esa Oʻzbekistonning umumiy zaxiralarining 82 foizini tashkil etadi.
Xitoy Xalq banki 5 tonna, Qozogʻiston Milliy banki esa 4 tonna oltin sotib olib, zaxiralarini oshirdi. Xitoyning oltin zaxiralari 2285 tonnaga (umumiy zaxiralarning 6%), Qozogʻistonning esa 288 tonnaga (55%) yetdi.

Shuningdek, Polsha, Hindiston, Chexiya va Qatar markaziy banklari ham oltin xarid qilishda davom etdi. Ayni paytda Rossiya, Iordaniya va Qirgʻiziston markaziy banklari yanvar oyida eng koʻp oltin sotgan davlatlar boʻldi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda 1-fevral holatiga koʻra, oltin qiymati $3,02 milliardga oshib, $35,06 milliardga yetdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatda oltin quymalari narxi yana rekordni yangilagani haqida xabar bergan edi.