Avto

Chery dunyo bo‘ylab sotuvlarni 26,4% ga oshirdi

Fevral oyida butun dunyo bo‘ylab 180,9 ming dona avtomobil sotdi
chery
Chery Tesladan oldinda / Foto: Chery

Chery Group fevral oyida butun dunyo bo‘ylab 180 ,9 ming dona avtomobil sotdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26,4 foizga ko‘pdir. 2025-yilning dastlabki ikki oyida esa kompaniya jami 405,2 ming dona avtomobil sotdi. Bu haqda 32cars nashri malum qildi.

Fevral oyida Chery Tiggo krossoverlari oilasi eksport hajmi bo‘yicha yangi marraga yetib bordi. Xususan, Tiggo 4 modeli 1 mlnta eksport qilingan avtomobil marrasini bosib o‘tdi. Shuningdek, ushbu model Avstraliyaning ANCAP xavfsizlik testida eng yuqori – besh yulduzli bahoni oldi. Endilikda Chery’ning uchta flagman modeli – Tiggo 4, Tiggo 7 va Tiggo 8 xavfsizlik bo‘yicha yuqori reytingga ega bo‘lib, kompaniyaning ilg‘or texnologiyalarga sodiqligini namoyon etmoqda.

Rossiya bozorida ham Chery o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda. Fevral oyida Sidorin Lab agentligining «Reputation Leaders 2025» reytingida Chery Rossiyada eng yaxshi obro‘ga ega avtomobil brendlari orasida ikkinchi o‘rinni egalladi. Xitoylik ishlab chiqaruvchi ushbu reytingda yaponiyalik Toyota’dan keyin va nemis BMW’dan oldinda joy oldi.

Bundan tashqari, Brandlab konsalting kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Chery avtomobil brendi Rossiya bozoridagi qiymati bo‘yicha yetakchi bo‘lib, kompaniyaning baholangan umumiy qiymati 141,4 mlrd rublni tashkil etdi. Natijada Chery 2024-yilda eng qimmat 100 brend ro‘yxatida umumiy hisobda 30-o‘rinni egalladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekisan Chery Exeed VX C-DM gibrid Xitoyda sotuvga chiqqani haqida xabar bergan edi.