Milliy gvardiya tizimiga ishga kiritish bilan bog‘liq korrupsiya holatlari fosh etildi

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Milliy gvardiya tizimiga noqonuniy ravishda ishga kiritish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Bu haqda UzA nashri ma’lum qildi.
Milliy gvardiyaning Toshkent shahar Qo‘riqlash boshqarmasi Olmazor tumani bo‘limi otryad komandiri, katta leytenant fuqaroning ishonchiga kirib, yuqori lavozimdagi tanishlari orqali uning tanishini Milliy gvardiya tizimiga ishga joylashtirishni va’da qilgan. U ushbu xizmat evaziga Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Ekobozor» savdo majmuasi avtoturargohida $5,5 ming olganida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Milliy gvardiyaning Qo‘riqlash bosh boshqarmasiga qarashli sog‘lomlashtirish oromgohi rahbari, podpolkovnik, 1989-yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga kirib, uni Toshkent viloyatidagi qo‘riqlash bo‘linmalaridan biriga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga $1,5 ming olganida ushlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kiberkorrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishi ochilishi haqida xabar bergan edi.