Yangiliklar

O‘zbekistonda moliyaviy kasblarni rivojlantirish bo‘yicha sakkizta asosiy taklif ilgari surildi

Moliyaviy menejment sohasida mutaxassislarning yetishmovchiligi yaqqol sezilmoqda
jobs
O‘zbekistonda moliyaviy kasblarni rivojlantirish bo‘yicha 8 ta asosiy taklif ilgari surildi / Foto: mizar_219842 / www.depositphotos.com

O‘zbekistonda malakali moliyaviy mutaxassislarning yetishmovchiligi kuchayib bormoqda. So‘nggi yetti yil ichida ushbu sohada ish haqi oshgan. Bu haqda Norma.uz nashri ma’lum qildi.

  • buxgalterlarning o‘rtacha maoshi 2,5 mln so‘mdan 7,5 mln so‘mgacha (3 barobar);
  • bosh buxgalterlarning maoshi 4 mln so‘mdan 10,5 mln so‘mgacha (2,6 martaga).

Shunga qaramay korxonalarning moliya-xo‘jalik xizmatlarida yuqori malakali mutaxassislarning ulushi 12% darajasida qolmoqda. Ayniqsa, moliyaviy menejment sohasida mutaxassislarning yetishmovchiligi yaqqol sezilmoqda. Moliyaviy direktor lavozimiga da’vogarlarning ish haqi kutayotgan miqdori ish beruvchilar taklif etayotgan maoshdan 51% yuqori.

Ushbu muammoni hal qilish uchun «Moliyaviy mutaxassislar forumi – 2025» doirasida 8 ta muhim taklif ilgari surildi:

1. To‘rt bosqichli malaka tizimini yaratish
Moliyaviy mutaxassislar uchun aniq martaba yo‘li belgilanib, quyidagi darajalar bo‘yicha rivojlanish tizimi joriy etilishi taklif qilinmoqda:

  • boshlang‘ich – kichik buxgalter, yordamchi;
  • asosiy – buxgalter, tahlilchi;
  • professional – moliyaviy menejer, o‘rta biznes bosh buxgalteri;
  • ilg‘or – moliyaviy direktor, yirik korxona bosh buxgalteri.

2. Xalqaro professional standartlarga mos tizim yaratish
Xalqaro buxgalterlar federatsiyasi (IFAC) talablariga mos ravishda moliyaviy va biznes boshqaruvi hamda raqamli ko‘nikmalarni o‘z ichiga olgan standartlar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

3. Ta’lim tizimini modernizatsiya qilish

  • Korxonalarda majburiy amaliyot joriy etish;
  • Ta’lim dasturlarini xalqaro sertifikatlashtirish tizimiga integratsiya qilish;
  • Universitet diplomi va kasbiy sertifikatni birgalikda olish imkoniyatini yaratish.

4. Moliya fanlari o‘qituvchilarini attestatsiyadan o‘tkazish

  • Moliyaviy fanlar bo‘yicha o‘qituvchilarni bepul tayyorlash;
  • Professor-o‘qituvchilarni xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lishini ta’minlash.

5. Mustaqil baholash markazlarini yaratish
Moliyaviy mutaxassislar malakasini aniq belgilash uchun yagona baholash markazlari tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda.

6. Milliy sertifikatlash tizimini joriy etish

  • Moliyaviy mutaxassislarning asosiy lavozimlari uchun majburiy sertifikatlash tizimini joriy etish;
  • Boshqa moliyaviy mutaxassislar uchun ixtiyoriy sertifikatlash imkoniyatini yaratish.

7. Yangi qonunchilik bazasini ishlab chiqish
Kasbiy tashkilotlar va malakalar to‘g‘risidagi yangi qonunlar ishlab chiqilib, buxgalteriya hisobi bo‘yicha qonunchilik yangilanadi.

8. Hamkorlik ekotizimini yaratish
O‘zLiDeP, Savdo-sanoat palatasi va Sertifikatlangan moliya mutaxassislari uyushmasi birgalikda 10 mingan ortiq xalqaro moliyaviy mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha kompleks ekotizim yaratishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatda bitta boʻsh ish oʻrniga 14 nafar talabgor toʻgʻri kelayotgani haqida xabar bergan edi.