Sahel mintaqasi global terrorizm markaziga aylandi

eʼlon qilindi
Hududda 3,8 ming nafar kishi halok bo‘lgan
Foto: Top-fon

Afrikaning Sahel mintaqasi dunyodagi terrorizmning «o‘chog‘i»ga aylandi. Bu hududda dunyo bo‘ylab terrorchilik bilan bog‘liq o‘limlarning yarmidan ko‘pi amalga oshirilgan. Bu haqda Terrorizm Indeksi (GTI) hisobotiga tayanib, BBC Global xabar berdi.

Hisobotga ko‘ra, o‘tgan yili butun dunyo bo‘ylab 7,5 ming kishi terroristik hujumlar qurboniga aylangan bo‘lsa, shundan 3,8 ming nafari Sahelda halok bo‘lgan. Bu hududda terrorchilar faoliyati 2019-yildan beri deyarli 10 baravar oshgan.

So‘nggi yillarda Sahel «Afrikaning harbiy to‘ntarishlar mintaqasi» sifatida tilga olinmoqda. 2020-yildan beri Burkina-Faso, Mali, Gvineya va Nigerda jami olti harbiy to‘ntarish sodir bo‘lgan.

Londonning SOAS universiteti eksperti Folahanmi Aina bu jarayonni quyidagicha izohladi:

«Yillar davomida siyosiy yetakchilar aholiga e’tibor bermadi, mahalliy muammolar e’tiborsiz qoldi va natijada terror guruhlari bundan foydalanmoqda».

Saheldagi terror guruhlari giyohvandlik moddalari savdosi, odam o‘g‘irlash, qoradori va oltin konlarini nazorat qilish orqali daromad topmoqda. Jumladan, Janubiy Amerikadan Yevropaga olib ketilayotgan kokain Sahel orqali tranzit qilinadi va bu hudud mintaqadagi eng yirik narkotik yo‘nalishiga aylangan.

Bundan tashqari, Niger dunyodagi yettinchi yirik uran ishlab chiqaruvchi davlat bo‘lib, Saheldagi tartibsizliklar bu resurslarning noqonuniy ekspluatatsiyasiga sabab bo‘lmoqda.

GTI hisobotiga ko‘ra, terroristik hujumlar allaqachon qo‘shni davlatlarga o‘tmoqda. Xususan, 2024-yilda Togoda 10 ta terroristik hujum ro‘y berib, 52 kishi halok bo‘lgan. Bu GTI hisobotlari tarixida mamlakat uchun eng yuqori ko‘rsatkich. Ekspertlar terror guruhlarining Benin, Togo va boshqa G‘arbiy Afrika davlatlariga tarqalishi «yaqin orada muqarrar» ekanini ta’kidlamoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Nyu-Orleandagi terrorchilik harakati munosabati bilan Jo Baydenga ta’ziya bildirgani haqida yozgandi.

Shuningdek