Wizz Air Oʻzbekistonga bo‘ladigan reyslarida oʻzbek tilida xizmat koʻrsatadi

Wizz Air aviakompaniyasi 2025-yildan Oʻzbekistonga xizmat koʻrsatuvchi havo kemalarida bort kuzatuvchi vazifasidagi personallarining oʻzbek tilida faoliyat yuritishini ta’minlaydi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar bermoqda.
Sobiq deputat Rasul Kusherbayevning Samarqand – Abu-Dabi yoʻnalishi bilan Wizz Air aviakompaniyasi tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga murojaati tegishli tartibda oʻrganib chiqilgan.
Qoʻmita tomonidan olib borilgan tekshiruvlarda uchish davrida aviakompaniya xavfsizlik qoidalarini xorijiy tilda ma’lum qilgani, murojaatchining oʻzbek yoki rus tillaridan birida muloqot qilishi haqidagi talabi bajarilish oʻrniga unga qoʻpol muomalada boʻlgani ma’lum boʻldi.
Oʻrganishlar natijasida qoʻmita Transport vazirligiga soʻrov xatini yuborgan. Shundan so‘ng oʻzboshimchalik bilan xatti-harakatlarni amalga oshirgan ushbu avia kompaniyaga tegishli tartibda chora qoʻllanilgan.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan Rasul Kusherbayev firibgarlar telegram orqali ish olib borayotgani haqida ogohlantirganini yozgan edi.