2025-yilda 2 million nafar ayolning bandligini ta’minlash belgilandi

Bugun, 7-mart kuni Koʻksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Davlat rahbari ayollarni eng koʻp tashvishga solayotgan muammo ishsizlik ekanini taʼkidladi. Shu bois, ularni tadbirkorlik faoliyatiga kengroq jalb etish maqsadida maxsus dasturlar ishlab chiqilmoqda. 2024-yilda bu yoʻnalishda 17 trillion soʻm kredit ajratildi. Ayol tadbirkorlar tomonidan 81 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, $450 millionlik eksport amalga oshirildi.
Shuningdek, prezident Savdo-sanoat palatasi huzurida Tadbirkor ayollar kengashini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Bu kengash ayol tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni oʻrganib, parlamentga takliflar kiritish bilan shugʻullanadi. Ushbu tashabbusni amalga oshirishga Savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari Nodira Shotursunova masʼul etib belgilandi.
Joriy yilda 2 million nafar ayolning bandligini taʼminlash, ulardan 1,3 millionini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish rejalashtirilgan. Bu maqsadga erishish uchun banklar tomonidan ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga moʻljallangan moliyaviy paketlar taqdim etiladi.
Xususan, quyidagi banklar turli yoʻnalishlarda xotin-qizlar loyihalarini moliyalashtirishga jalb qilinadi:
- «Oʻzmilliybank» – xizmatlar sohasida 200 ming nafar ayol;
- «Turonbank» – limonchilikda 150 ming nafar ayol;
- «Mikrokreditbank» – parrandachilikda 160 ming nafar ayol;
- «Sanoat qurilish bank» – sabzavot va koʻchat yetishtirishda 160 ming nafar ayol;
- «Xalq banki» – uzum, brokkoli va mahalliy karam yetishtirishda 150 ming nafar ayol;
- «Agrobank – bogʻdorchilikda 144 ming nafar ayol;
- “Biznesni rivojlantirish banki» – koʻkat, bulgʻor qalampiri, baqlajon va pomidor yetishtirishda 94 ming nafar ayol;
- «Asakabank» – farmatsevtika va uzumchilikda 82 ming nafar ayol;
- «Aloqabank» – IT, asalarichilik va mevali ekinlar yetishtirish: 58 ming nafar ayol.
2025-yilda mahallalarda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun qoʻshimcha 3,3 trillion soʻm ajratiladi. Bundan tashqari, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida $100 million mablagʻ yoʻnaltiriladi. Banklar ham qoʻshimcha $100 million jalb etib, oʻzini oʻzi band qilgan xotin-qizlarga 50 million soʻmgacha garovsiz kreditlar ajratadi.
Shuningdek, oʻz mahallasida 5 nafar ayolni biznesga jalb qilgan 1 ming nafar «ustoz» tadbirkorlarga 50 million soʻmgacha grant ajratiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan tadbirkor ayollar kengashi tashkil etilishi haqida xabar bergan edi.