Ayollarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki jamiyatimiz rivojiga ijobiy taʼsir etmoqda — prezident xotin-qizlarni tabrikladi

eʼlon qilindi
Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 7-mart kuni Koʻksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

«Mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy buyuk ona siymosi, moʻtabar ayol zotini ulugʻlab, ularning baxt-saodati yoʻlida barchamizni fidokor boʻlishga daʼvat etgani albatta bejiz emas. Chindan ham, mehr-oqibat, olijanoblik, muhabbat va sadoqat kabi yuksak insoniy qadriyatlarni kamol toptirishda, oila qoʻrgʻonini mustahkamlashda sizlarning xizmatingizni hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi», — deydi prezident

Shuningdek, davlat rahbari bugungi kunda ayollar turli soha va tarmoqlarda Oʻzbekiston taraqqiyoti uchun munosib hissa qoʻshayotganini minnatdorlik bilan eʼtirof etdi. Masalan, 2017-yilda boshqaruv sohasida xodimlarning 20 foizini xotin-qizlar tashkil etgan boʻlsa, hozirgi vaqtda bu raqam 35 foizga yetdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizini, Senat aʼzolarining 27 foizini ayollar tashkil etmoqda.

«Ayollarning davlat boshqaruvi va parlament faoliyatidagi ishtiroki kuchaygani jamiyatimiz rivojiga ham ijobiy taʼsir etayotganini hayotning oʻzi koʻrsatmoqda. Eng muhimi, aql-zakovatli, bilimli va isteʼdodli xotin-qizlarimiz davlat va jamiyatning barcha sohalarida namuna boʻlishmoqda», — deydi prezident.

Oʻtgan yili Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida mamlakat delegatsiyasi tarkibidagi ayol sportchilardan 3 nafari oltin, 8 nafari kumush, 3 nafari bronza medalini qoʻlga kiritgani Oʻzbekiston tarixida ilgari boʻlmagan natija ekanligini qayd etdi.

Ayollari oʻqimishli va kasb-hunarli boʻlgan yurtda tinchlik va taraqqiyot boʻlishini, ayollari maʼrifatli boʻlgan xalq albatta baxtli boʻlishini aytdi. Shavkat Mirziyoyev oʻziga katta ijtimoiy masʼuliyat olgan ishbilarmon xotin-qizlarni «Yangi Oʻzbekistonning bunyodkor ayollari» deb atadi va ularga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 64 nafar ayol turli davlat mukofotlari bilan taqdirlangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek