Lifestyle

Fayzullayevdan Husanovgacha: Oʻzbekistonning ayni damdagi eng qimmat 11 nafar futbolchisi

Kollaj: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan

Jahon futbolidagi transferlar doim muxlislar e’tiborida boʻlib kelgan. Shu kunlarda Vinisius Junior va Lamin Yamal kabi yosh yulduzlarning narxi qanchaga koʻtarilgani yoki Messi va Ronalduning transfer bahosi qanchaga pasayayotgani kabi masalalar qizgʻin muhokama qilinmoqda. Ammo O‘zbekistonning eng qimmat futbolchisi kim? Ularning transfer bozoridagi narxi qancha va ayni paytda eng qimmat oʻzbekistonlik futbolchi kim? Quyida aynan shu savollarga javob bergan holda mamlakatning qiymati baland futbolchilari haqida fikr yuritamiz.

Mazkur maqolamizda quyidagi futbolchilar haqida so‘z boradi:

Sherzod Nasrullayev – 1,2 mln yevro

Foto: O‘FA

«Nasaf» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Nasrullayev 2018-yildan boshlab, klubning asosiy jamoasida oʻynab kelmoqda. 26 yoshli chap qanot himoyachisining tezkorligi, muntazam ravishda hujumlarga qoʻshilishi Qarshi klubining 2024-yilgi mamlakat chempionligini qoʻlga kiritishida muhim rol oʻynadi. 2024-yil yakunida klub bilan shartnomasi yakuniga yetgan futbolchiga Superliganing bir qancha va xorijdan takliflar boʻlishiga qaramay, Nasrullayev «Ajdarlar» bilan yana bir mavsumga shartnomasini uzaytirdi.

Akmal Mozgovoy – 1,3 mln yevro

Foto: O‘FA

2024-yilda «Nasaf»ning Oʻzbekiston Superligasi gʻolibligini qoʻlga kiritishida Mozgovoy muhim futbolchilardan biri boʻldi. U ham Nasrullayev kabi klub tarbiyalanuvchisi hisoblanib, 2018-yildan boshlab asosiy jamoaga jalb qilina boshlagan. Markaziy yarim himoyachi 2024-yilda mamlakat chempionligi bilan bir qatorda Superligada mavsumning eng yaxshi futbolchisi boʻldi. Jahon chempionatining soʻnggi saralash bosqichida milliy terma jamoadan muntazam chaqiruv olayotgan futbolchi hozircha asosiy tarkibdan toʻliq joy olganicha yoʻq. Terma jamoaning yangi bosh murabbiyi Temur Kapadze balki Mozgovoyning xizmatlaridan koʻproq foydalanar.

Hojimat Erkinov – 1,5 mln yevro

Fofo: O‘FA

Erkinov professional faoliyatini «Paxtakor»da boshlab (2019-yil), bir muddat ijara asosida «Qoʻqon-1912», «OKMK» klublarida toʻp surgan. Tajriba orttirib, «Sher»lar safiga qaytgan futbolchi muxlisu mutaxassislar e’tiboriga tushdi. U 2022-yilda Moskvaning «Torpedo» klubiga koʻchib oʻtdi, lekin Moskvada Erkinovning ishlari unchalik ham yurishmadi. Hozirgi kunda 23-yoshli vinger BAAning «Al-Vahda» klubi sharafini himoya qilib kelmoqda.

Husniddin Aliqulov – 1,7 mln yevro

Foto: O‘FA

So‘nggi yillarda O‘zbekistondan yetishib chiqqan himoyachilar orasida Aliqulov o‘zining yuqori salohiyati bilan ajralib turadi. U nafaqat ishonchli va tajovuzkor himoyaviy o‘yini, balki hujumlarga faol qo‘shilishi bilan ham ajralib tortadi. «Nasaf»dagi muvaffaqiyatli mavsumlardan keyin himoyachi 2023-yilda Turkiyaning «Rizespor» klubiga koʻchib oʻtdi. Aliqulov «Rizespor»da ham klubining asosiy futbolchilaridan biriga aylanib ulgurdi. Shuningdek, terma jamoada ham «JCh – 2026» saralashida Abduqodir Husanov bilan himoya chizigʻida yaxshi tandem hosil qilmoqda.

Otabek Shukurov – 1,8 mln yevro

Foto: O‘FA

Shukurov Toshkentning «Bunyodkor» va Oʻzbekistonning turli yosh toifasidagi terma jamoalaridagi oʻyinlari orqali muxlisu mutaxassislarning e’tiboriga tushgan. U to‘rt mavsum BAAning «Sharja» klubida toʻp surdi. Yarim himoyachi 2023-yilning yozida «Sharja»dan Turkiyaning «Fatih Karagümrük» jamoasiga oʻtdi. Shu tariqa Shukurov Turkiya Superligasida oʻynagan ilk oʻzbekistonlik futbolchi sifatida tarixga kirdi. Shukurov «Fatih Karagümrük»da yaqin oʻtmishning yulduzlaridan biri Andrea Pirlo qoʻl ostida toʻp surishga muvaffaq boʻldi. Turkiyadagi ikki yillik faoliyati koʻngildagidek kechmagan yarim himoyachi yana Arabiston yarim oroliga qaytdi. Shukurov 2024-yil kuzida Saudiyaning «Al-Fayha» klubi bilan bir yillik shartnoma imzoladi. U hozirda Ronaldu, Mane, Mahrez, Firmino kabi jahon yulduzlari bilan bir chempionatda javlon urmoqda.

Jaloliddin Masharipov – 1,8 mln yevro

Foto: O‘FA

«Paxtakor» bilan Oʻzbekiston Superligasida bir necha mavsum mamlakat chempionligini qoʻlga kiritganidan keyin Masharipovning kuchli beshlik (Angliya, Ispaniya, Italiya, Germaniya, Fransiya) chempionatlariga ketishi haqida koʻp gapirildi. Lekin yakunda unday boʻlib chiqmadi. U ham aksariyat oʻzbek futbolchilari kabi faoliyatini arab davlatlarida davom ettirishni ma’qul koʻrdi. 2021-yil boshida Saudiyaning «An-Nasr» klubiga oʻtgan vingerni jamoa BAAning «Shabab Al-Ahli» klubiga yarim mavsum ijaraga berdi. Masharipovning arab diyoridagi uch yillik faoliyati futbol tarixidagi eng yaxshi oʻyinchilardan biri Ronaldu bilan bir jamoada toʻp surgani bilan esda qoldi. Ayni damda 31 yoshli Masharipov Eronning «Istiqlol» klubi sharafini himoya qilmoqda.

Oston Oʻrunov – 2,5 mln yevro

Foto: O‘FA

Bundan bir necha yillar oldin Rossiya futbolida katta shov-shuv koʻtargan holda «Ufa»dan «Spartak»ka oʻtgan Oston Oʻrunov Moskva klubida oʻzining toʻliq salohiyatini koʻrsata olmadi. Klub uni eski jamoasiga ijaraga berib yubordi. «Ufa»da ham oldingi oʻyinini koʻrsata olmadi va bir muddat Ufa va Moskva orasida sarson boʻldi. Orada «Ural»da ham yarim mavsum oʻynashga ulgurdi. 2023-yilda Oʻrunov Rossiyadagi faoliyatini yakunlab, Oʻzbekistonga qaytdi va Namanganning «Navbahor» klubi bilan shartnoma imzoladi. Namanganda oʻz sport formasini tiklab olgan Oʻrunov 2024-yil boshida Eronning «Persepolis» klubiga koʻchib oʻtdi. Hozirda Eron chempionatining eng qimmat futbolchisi boʻlib turibdi.

Aziz G‘aniyev – 2,8 mln yevro

Foto: O‘FA

«Nasaf»dan yetishib chiqqan yana bir iste’dodli futbolchi Aziz Gʻaniyev tez muddatda Qarshi jamoasining asosiy oʻyinchilaridan biriga aylandi. Oʻyinni oʻziga olishdan qoʻrqmaydigan va uzoq masofadan zarba berishga tortinmaydigan kam sonli oʻzbekistonlik futbolchilardan biri 2020-yilda Arab amirliklarning «Shabob Al-Ahli» klubiga yoʻl oldi. Yarim himoyachi Dubay klubida toʻrt yil davomida barqaror oʻyin koʻrsatdi. Shunga qaramay terma jamoaning sobiq bosh murabbiyi Srechko Katanes uning xizmatlariga ehtiyoj sezmadi va sloveniyalik murabbiy davrida biz Gʻaniyevni terma jamoa yigʻinlarida deyarli koʻrmadik. Balki terma jamoaning yangi bosh murabbiyi Kapadze unga imkoniyat berar. Ayni damda yarim himoyachi amirliklarning boshqa bir jamoasi «Al-Bataih» jamoasida faoliyat olib bormoqda.

Eldor Shomurodov – 4 mln yevro

Foto: O‘FA

Tom ma’noda Shomurodov oʻzbek futbolchilari uchun kuchli beshlik chempionatlari eshigini ochib berdi, deyish mumkin. Hujumchi «Rostov»dagi uch yillik faoliyatidan keyin Italiya chempionatiga yoʻl odi. Italiyadagi ilk mavsumini oʻrtamiyona «Genoa» jamoasida boshlab, chempionatga tezda moslashib ketdi. Maydondagi mehnatkashligi va kurashuvchanligi orqali futbolchi 2021-yil yozida 17,5 mln yevro evaziga Italiyaning grant klublaridan biri Rimning «Roma»siga koʻchib oʻtdi. Rimdagi kuchli raqobat sabab klub uni bir necha marta ijaraga berib yubordi. Joriy mavsumda hujumchi «Roma»da Dovbik bilan asosiy tarkib uchun kurash olib bormoqda.

Abbosbek Fayzullayev – 8 mln yevro

Foto: O‘FA

Oʻzbekiston olimpiya va yoshlar terma jamoalaridagi yorqin oʻyinlari orqali tanilgan Fayzullayev 2023-yil yozida oʻzi tarbiya topgan «Paxtakor»dan Moskvaning «SSKA» klubiga koʻchib oʻtdi. Jussasi kichkina boʻlishiga qaramay, maydonni yaxshi koʻra olishi va kreativ harakatlari orqali oʻtgan mavsumda Rossiya futbolida eng koʻp e’tibor markazida boʻlgan futbolchilardan biri boʻldi. Fayzullayev terma jamoada ham asosiy futbolchilardan biriga aylanib bormoqda. Mediada futbolchiga kuchli beshlik jamoalaridan «Bavariya», «Marsel» qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar keng tarqalmoqda.

Abduqodir Husanov – 12 mln yevro

Foto: O‘FA

Shubhasiz, Husanov bugungi kundagi oʻzbek futbolining eng yorqin vakili. 2022-yilda 18 yoshli Husanov «Bunyodkor» yoshlar jamoasidan Belarusning «Energetik BGU» klubi tarkibiga borib qoʻshiladi. Jismonan baquvvat va oʻyinni oʻqiy olish qobiliyati orqali 2023-yilda boʻlib o‘tgan Osiyo va Jahon chempionatlarida Husanov katta klublar skautlari e’tiboriga tushdi. Va shu yilning oʻzida Fransiya chempionatida yuqori oʻrinlar uchun kurash olib boradigan «Lans» klubiga oʻtdi. Fransiyadagi bir yarim yillik faoliyati davomida Husanov futbolchi sifatida katta oʻsishga erishdi va top klublar e’tiboriga tushdi va joriyning yilning yanvar oyida himoyachi Angliyaning «Manchester Sity» klubiga oʻtdi. Manchester klubi Husanov uchun 40 mln yevroning bahridan oʻtdi. Shu tariqa Husanov APLda toʻp surgan birinchi futbolchisi sifatida tarixga kirdi.