
O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari fevral oyida $2,03 mlrdga oshib, rekord darajadagi $44,94 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bu so‘nggi o‘n yillikda eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, jahon bozorida oltin narxining oshishi va qimmatli qog‘ozlar xarid qilinishi bilan bog‘liq.
Markaziy bank fevral oyida 11,8 tonna oltin sotgan bo‘lsa-da, valyuta zaxiralari sezilarli darajada oshdi. Xorijiy qimmatli qog‘ozlarga sarmoya kiritish ham zaxiralarni ko‘paytirishga xizmat qildi.
Oltin-valyuta zaxiralari milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Ular valyuta kursini qo‘llab-quvvatlash, tashqi qarzlarni qoplash va iqtisodiy shoklardan himoya qilish uchun ishlatiladi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Oʻzbekiston dunyoda eng koʻp oltin sotib olgan davlatga aylangan edi.