Jahon banki: O‘zbekistonning eng kambag‘al aholisi orasida har beshinchi kishi chet eldan pul o‘tkazmalarini oladi

5-mart kuni Jahon banki vakillari «Oldinga yo‘l: Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida muvaffaqiyatli migratsiyani qo‘llab-quvvatlash» mavzuidagi hisobotini taqdim etdi. Mutaxassislar o‘zbekistonlik malakali ishchilar an’anaviy migratsiya yo‘nalishlarida talab qilinmayotganini ta’kidlamoqda. Respublikaning eng kambag‘al aholisi orasida har beshinchi kishi chet eldan pul o‘tkazmalarini oladi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri xabar qildi.
Ushbu hisobotda migratsiya siyosatini takomillashtirish va uning iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy barqarorlik, xususan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi ahamiyati chuqur tahlil qilingan.
Bu maqolada nimalarni bilib olish mumkin:
- Migratsiya: kecha va bugun
- Oldinga yo‘l: migratsiya tendensiyalari va uning iqtisodiyotga ta’siri
- Jahon banki nimalarni tavsiya qilmoqda
- O‘zbekistondagi migratsion vaziyat haqida
- Pandemiya, O‘zbekiston, migratsiya…
- Rossiya va Ukraina mojarosi
Migratsiya: kecha va bugun
Migratsiya butun YeMO mintaqasida muhim rol o‘ynaydi. 100 mln migrant yashaydigan YeMO dunyodagi eng yirik migratsion mintaqalardan biri hisoblanadi. Daromadlar tafovutlari, demografik o‘zgarishlar, iqlim omillari va nizolar global miqyosda migratsiyaning o‘sishiga sabab bo‘lmoqda.
2024-yil holatiga ko‘ra, tojikistonlik va qirg‘izistonlik migrantlarning asosiy qismi Rossiyaga (80 foiz) jo‘nab ketgan. O‘zbekiston muhojirlari esa Rossiyada(57 foiz), Qozog‘istonda (15 foiz) va Ukrainada (10 foiz) ishlaydi. Markaziy Osiyo mamlakatlarida mehnat migratsiyasi millionlab fuqarolar uchun asosiy daromad manbalaridan biri hisoblanadi. 2024-yil ma’lumotlariga ko‘ra, mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari Tojikiston yalpi ichki mahsulotining 45 foizini tashkil etib, uni dunyodagi eng yuqori migrantlar daromadiga ega hududlardan biriga aylantirgan. Qirg‘izistonda bu ko‘rsatkich 28 foiz, O‘zbekistonda esa 14 foizni tashkil etadi.
Ushbu mamlakatlardan kelgan muhojirlar chet elda ishlash orqali o‘z daromadlarini ikki yoki uch baravar oshirishlari mumkin, bu esa ularning oilalarining turmush darajasini sezilarli darajada yaxshilaydi. Masalan, Qirg‘izistonda pul o‘tkazmalari oladigan uy xo‘jaliklari orasida kambag‘allik darajasi 10 foizdan kam, ularsiz esa 50 foizdan oshib ketadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda pul o‘tkazmalari bo‘lmaganda, mamlakatdagi kambag‘allik darajasi 9,6 foizdan 16,2 foizgacha oshgan bo‘lar edi.
Oldinga yo‘l: migratsiya tendensiyalari va uning iqtisodiyotga ta’siri
Jahon bankining «Oldinga yo‘l: Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida muvaffaqiyatli migratsiyani qo‘llab-quvvatlash» hisobotida YeMO mintaqasidagi migratsiya tendensiyalari va uning iqtisodiyotga ta’siri atroflicha tahlil qilingan. Uning mualliflari Loram Bossavi, Daniel Garrote Sanches va Mattia Makovets. Hisobotda davlatlarga muhojirlarning afzalliklari va muammolari bo‘yicha yanada muvozanatli va dalillarga asoslangan munozaralarni shakllantirishga hissa qo‘shish tavsiya etilgan.
Hisobotga ko‘ra, migratsiya YeMO mintaqasidagi ijtimoiy-demografik nomutanosibliklarni bartaraf etishning muhim vositasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Biroq uning iqtisodiy salohiyatidan to‘liq foydalanilmayapti.
«Biz umid qilamizki, bu hisobot migratsiya masalasi bo‘yicha siyosat muhokamasini nafaqat bu yerda, balki mintaqaning boshqa qismlarida ham amalga oshirishga yordam beradi va bu jarayonni yaxshiroq tashkil etish, uning foydalarini maksimal darajaga yetkazish va potensial xarajatlarini kamaytirish uchun yangi g‘oyalar hamda siyosat yechimlarini yaratishga yordam beradi», – dedi Yevropa va Markaziy Osiyoda ijtimoiy himoya bo‘yicha amaliyot rahbari Paolo Belli.
Jahon banki nimalarni tavsiya qilmoqda
Jahon banki migratsiyani samarali tartibga solish va uning afzalliklarini adolatli taqsimlash uchun quyidagi davlat siyosati choralari taklif qilgan:
– Migratsiyaning turli shakllarini tahlil qilish va tegishli siyosat choralarini ishlab chiqish: davlatlar yuqori malakali va past malakali muhojirlar, ishbilarmonlik imkoniyatlarini izlayotganlar va mojarolar tufayli mamlakatini tark etayotgan migrantlar o‘rtasidagi farqlarni hisobga olishi kerak. Xalqaro ma’lumot almashinuvi va hamkorlik muhim ahamiyatga ega.
– Mehnat resurslarini raqobatbardosh qilish strategiyasiga migratsiyani integratsiya qilish: davlat, xususiy sektor va investorlar ishtirokidagi o‘quv dasturlari orqali yangi kasblarni o‘rgatish, ko‘nikmalarni oshirish va kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi lozim.
– Migratsiyaning milliy iqtisodiy rivojlanish strategiyalariga integratsiyalash: migratsiyaning tegishli jihatlarini milliy iqtisodiy rivojlanish strategiyalariga qo‘shish orqali «aql oqimi» tendensiyasini «aql o‘sishi»ga aylantirish kerak. Davlat organlari mehnat bozorining ehtiyojlarini muntazam monitoring qilib borishi va talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash uchun ta’limni strategik moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etishi lozim.
– Xavfsiz va tashkillashtirilgan migratsiya tizimini yaratish: migrantlarning o‘z mamlakatlarida ro‘yxatga olish tizimlarini joriy etish va migrantlarni qabul qiluvchi davlatlar bilan ikki tomonlama shartnomalar tuzish muhimdir. Bundan tashqari, malakali migrantlarning imkoniyatlari to‘g‘risida ishonchli axborot yetkazish tizimi ishlab chiqilishi zarur.
Migrantlarning o‘z mamlakatlaridagi davlat organlari ijtimoiy ta’minot va sug‘urtaga oid to‘lovlarning qabul qiluvchi davlatlarga «transfer» qilinishini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rishi tavsiya etildi.
O‘zbekistondagi migratsion vaziyat haqida
Taqdimotda O‘zbekiston iqtisodiyotiga va ijtimoiy tuzilishiga migratsiya katta ta’sir ko‘rsatayotgani haqida ham gap ketdi.

Jumladan, O‘zbekistonda xalqaro pul o‘tkazmalari aholining iste’mol xarajatlarida muhim rol o‘ynaydi. Chet elga ketayotgan mehnat migrantlarining taxminan 60 foizi kasb-hunar ta’limiga ega, 30 foizi o‘rta ta’lim, 6 foizi esa umumiy o‘rta ta’lim yoki undan past darajadagi ta’lim bilan cheklanadi. Faqatgina 4 foiz migrantlar oliy ma’lumotga ega.
Bu ko‘rsatkichlar shuni anglatadiki, o‘zbekistonlik malakali ishchilar an’anaviy migrant yo‘nalishlarida talab qilinmaydi. Yuqori malakali mutaxassislarning xorijda ishlashi uchun imkoniyatlar cheklangan bo‘lib, bu esa mamlakatda mehnat bozorini diversifikatsiya qilish zarurligini ko‘rsatadi.
Pandemiya, O‘zbekiston, migratsiya…
COVID-19 pandemiyasi O‘zbekiston mehnat migratsiyasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. 2020-yilning aprel oyida Markaziy Osiyoga yuborilgan pul o‘tkazmalari 50 foizga kamaydi. Pandemiya davomida Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik migrantlarning katta qismi o‘z yurtlariga qaytishga majbur bo‘ldi, chunki chegaralar yopildi va iqtisodiy imkoniyatlar qisqardi.
Bu esa O‘zbekistonda ish o‘rinlari yaratish va mahalliy iqtisodiyotni mustahkamlash zarurligini yana bir bor namoyish etdi.
Rossiya va Ukraina mojarosi
Rossiya – Ukraina urushi boshlangandan so‘ng O‘zbekiston va Qirg‘iziston migrantlari soni sezilarli darajada kamaydi. Rossiyadagi harbiy safarbarlik farmonidan so‘ng, 2022-yilning sentabr oyida O‘zbekistondan emigratsiya qilayotganlar soni bir oy ichida 15 foizga qisqardi.
Urush boshlangach o‘zbekistonlik migrantlarning Rossiyadan yuborayotgan pul o‘tkazmalari ham sezilarli darajada kamaydi. Yanvar oyida o‘zbekistonlik oilalarning 7,8 foizi pul o‘tkazmalari olayotgan bo‘lsa, mart oyiga kelib bu ko‘rsatkich 2,7 foizga tushib ketdi (ya’ni 65 foizga qisqardi).
Bu holat O‘zbekiston iqtisodiyotida diversifikatsiya qilish va migrantlarga yangi yo‘nalishlarni ochish zarurligini ko‘rsatdi.
Respublikaning eng kambag‘al aholisi orasida har beshinchi kishi chet eldan pul o‘tkazmalarini oladi. Oliy daromadli uy xo‘jaliklarida esa bu ko‘rsatkich atigi 1 foizni tashkil qiladi. Migratsiya natijasida qashshoqlikdan qutulish darajasi yuqori bo‘lib, pul o‘tkazmalari tufayli oila daromadlari sezilarli darajada oshmoqda. Bu esa migrantlar tomonidan yuborilgan mablag‘larning O‘zbekiston iqtisodiyotiga katta ta’sir ko‘rsatayotganini tasdiqlaydi.
Taqdimot xulosasida YeMO mintaqasida migratsiya iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy barqarorlikka sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Jahon bankining yangi hisobotida aytilganidek, migratsiya jarayonlarini samarali boshqarish va migratsiyaning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish mintaqa davlatlari uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lishi lozim. Shu sababli davlatlar migratsiya siyosatini takomillashtirish va muhojirlarning iqtisodiyotga qo‘shayotgan hissasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishlari kerak.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida migratsiya bo‘yicha hamkorlik kelishuvi tasdiqlangani haqida yozgandi.