Yangiliklar

Kuzatuvchilar: Suriyadagi eskalatsiya ko‘plab qurbonlarga olib keldi

Suriyadagi eskalatsiya
Suriyadagi eskalatsiya tinch aholining katta qurbonlariga olib keldi / Foto: Reuters

Latakiya va Tartusda Suriya hukumati kuchlari bilan sobiq prezident Bashar Asadning tarafdorlari o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlarda yuzlab odam halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda kuzatuvchilar.

Londonda joylashgan Inson huquqlari bo‘yicha Suriya monitoring markazi ma’lumotiga ko‘ra, 7-mart kuni kamida 240 kishi halok bo‘lgan.

Halok bo‘lganlar orasida alavitlar yashaydigan hududlardan bo‘lgan tinch aholi vakillari ham bor. Ushbu diniy guruhga sobiq prezident Bashar Asad va uning oilasi ham mansub.

Markaz xabariga ko‘ra, Mudofaa vazirligi va ichki xavfsizlik xodimlari Al-Muxtariya qishlog‘ida 38 nafar tinch aholini, Ash-Shayir qishlog‘ida 24 fuqaro va Karfis qishlog‘ida 22 nafar kishini o‘qqa tutgan.

Baniyas shahrida (Tartus) xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘tkazilgan reydda 60 kishi, jumladan, 10 nafar ayol va 5 bola halok bo‘lgan.

To‘qnashuvlarda, shuningdek, 34 nafar hukumat tarafdori harbiy va 42 nafar qurolli isyonchi ham halok bo‘lgan.

Avvalroq xabar berilganidek, Suriyada to‘qnashuvlar mart oyining boshida boshlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, huquqni muhofaza qilish idoralarining o‘nlab xodimlari halok bo‘lgan.