
UEFAning soʻnggi ma’lumotlariga koʻra, «Manchester Siti» 2023/2024-yilgi mavsumda oʻz liboslari va atributlarini sotish orqali 76 million yevro daromad ishlab topdi va bu borada klublar orasida 11-oʻrinni egalladi.
2019-yildan buyon klubning ushbu yoʻnalishdagi tushumlari 3,5 baravarga oshdi. «Manchester Siti»ning rasmiy sport formasini Puma brendi ishlab chiqaradi.

Ushbu koʻrsatkich boʻyicha «Roma» 24 million yevro bilan 20-oʻrinni egalladi. «Real Madrid» esa 196 million yevro daromad bilan yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi oʻrinlarda «Bavariya» va «Barselona» (171 million yevrodan ortiq daromad) joy olgan.
UEFA hisobotida ta’kidlanishicha, eng yaxshi 20 ta klubning savdo tushumi 26 foizga oʻsib, umumiy daromad 1,8 milliard yevroga yetgan. Sport kiyimlari ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikdan tushgan mablagʻ esa 6 foizga oshgan.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston Superligasi jamoalarining qaysi sport brendlari bilan hamkorlik qilayotgani haqida yozgan edi.