Mask Oq uyda davlat kotibi bilan janjallashdi

6-mart kuni Oq uyda AQSh hukumat samaradorlik departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask va mamlakat davlat kotibi Marko Rubio oʻrtasida mojaro kelib chiqdi.
The New York Timesʼning xabar berishicha, Mask Rubioning hukumat xodimlarini qisqartirishga qodir emasligini aytgan. Bunga javoban davlat kotibi Mask yolgʻon gapirayotganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, davlat departamentining 1500 nafar xodimi tovon puli evaziga ishdan ketgan.
Rubio oxirgi haftalarda Maskning hukumatni qisqartirish siyosatiga qarshi chiqqan va uchrashuvda ochiq tanqid qilgan. Bahs choʻzilgandan soʻng AQSh prezidenti Donald Tramp aralashib, Rubioni qoʻllab-quvvatlagan.
Politicoʻning yozishicha, Tramp DOGE vakolatlarini cheklashga qaratilgan ilk muhim qadamni qoʻygan. Prezident Maskga kadrlar siyosati boʻyicha faqat tavsiya berish huquqi borligini ta’kidlagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mask Trampning harakatlari tufayli bir kunda 114 trillion so‘m yo‘qotgani haqida xabar bergan edi.