Savdo urushi: Xitoy Kanada mahsulotlariga boj joriy qilmoqda

20-martdan boshlab Xitoy Kanadaning bir qator tovarlariga qoʻshimcha bojlar joriy qilmoqda. Bu haqda City News xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yangi tariflar raps yogʻi, kunjara va noʻxatga 100 foiz, choʻchqa goʻshti va suv mahsulotlariga 25 foizni tashkil etadi. Bu choralar 2024-yil oktabr oyida kiritilgan Kanada cheklovlariga javob boʻldi. Oʻshanda Ottava Xitoyning elektromobillariga 100 foizlik soliq soldi hamda poʻlat va alyuminiy importiga 25 foizlik boj joriy qildi.
Xitoy rasmiylarining rasmiy bayonotida qayd etilishicha, Kanada Pekinning bir necha bor noroziliklariga qaramay dastlabki tergovsiz bir tomonlama cheklov choralarini koʻrgan.
Kanada bojlari Gʻarbning kengroq siyosatining bir qismiga aylandi. Avvalroq AQSh va Yevropa Ittifoqi ham Xitoyning elektromobillari va boshqa tovarlariga boj joriy qilib, Xitoyni oʻz sanoatiga adolatsiz subsidiyalar berishda ayblagan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp Kanada va Meksikaga 25 foiz boj joriy qilgani haqida xabar bergan edi.