JetZero aviakompaniyasi innovatsion samolyotlar parvozini yo‘lga qo‘ymoqchi

Kaliforniyaning JetZero innovatsion «aralash qanot» dizayniga ega samolyot yaratmoqda. Bu haqda aviakompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, ushbu noodatiy dizayn samolyot aerodinamikasini sezilarli darajada yaxshilab, yoqilg‘i sarfini 50% gacha kamaytirishga imkon beradi.
An’anaviy fuzelyaj va qanotlarga ega bo‘lgan samolyotlardan farqli o‘laroq, JetZero’ning yangi modeli yaxlit konstruksiyaga ega bo‘lib, bu unga yanada samarali ishlash imkonini beradi.
Ushbu samolyot 250 dan ortiq yo‘lovchilarni sig‘dira oladi va mahalliy hamda xalqaro reyslar uchun mos keladi. Yoqilg‘i tejamkorligi va ekologik tozaligi uni kelajak aviatsiyasining muhim qismiga aylantirishi mumkin. JetZero loyihasining birinchi namoyish parvozi 2027-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, tijorat reyslariga qo‘shilishi 2030-yilgacha kutilmoqda.
Bu loyiha nafaqat iqtisodiy jihatdan foydali, balki atrof-muhitga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan. Innovatsion dizayn tufayli samolyotning parvoz paytidagi shovqini kamroq bo‘lishi va uglerod chiqindilarini sezilarli darajada kamaytirishi kutilmoqda. Agar JetZero o‘z rejalari asosida harakat qilsa, yaqin kelajakda parvozlar yanada tejamkor, ekologik toza va qulay bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq WizzAir Oʻzbekistonga bo‘ladigan reyslarida oʻzbek tilida xizmat koʻrsatishi haqida yozgan edik.