
Istanbul shahridagi Bosh konsulxona Turkiyadagi o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi. Bu haqda konsulxona rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aviaqatnovlar davomida ayrim shaxslar yo‘lovchilardan o‘z yuklarini O‘zbekistonga yetkazib berishni iltimos qilishi mumkin. Ular turli bahonalar bilan, masalan, kasal qarindoshi borligi yoki yukni jo‘natish imkoniyati yo‘qligi kabi sabablarni keltirib, ishonch qozonishga harakat qilishadi. Biroq bunday va’dalarga ishonish xavfli bo‘lib, begona yukni qabul qilish og‘ir jinoiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yillarda bir necha O‘zbekiston fuqarolari shunday vaziyatlarga tushib qolgan va noqonuniy yuklarni, jumladan, narkotik moddalar va soxta hujjatlarni bilmasdan olib o‘tganlari uchun hibsga olingan.
2023-yilda Istanbul aeroportida 27 yoshli fuqaro noma’lum shaxsning yukini olib o‘tishga rozi bo‘lib, natijada yuk ichidan katta miqdorda narkotik moddalar topilgan va u 10 yilga qamoqqa hukm qilingan.
2022-yilda esa Antaliyadan Toshkentga qaytayotgan yana bir fuqaro begona yuk ichidan soxta pasport va noqonuniy hujjatlar aniqlangani uchun bir necha yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Xavfsizlikni ta’minlash uchun begona yukni qabul qilishdan qat’iyan voz kechish lozim. Shubhali iltimoslarga aldanmaslik va ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish muhimdir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya kompaniyasi Yangi Namangan tumaniga $20 million sarmoya kiritishi haqida xabar bergan edik.