Chirchiqdagi sobiq texnikum binosi o‘rnida zamonaviy gimnaziya tashkil etiladi

Chirchiq shahridagi sobiq texnikum binosi uzoq yillar davomida foydalanilmay, yaroqsiz holga kelgani sababli mazkur bino buzilishi va uning o‘rnida zamonaviy gimnaziya barpo etilishi rejalashtirilgan. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.
Texnikum binosining buzilishi bo‘yicha «Chirchiq Innovatsiya Gimnaziyasi» MChJ Toshkent viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga murojaat qilgan. Shu yilning 16-yanvarida inspeksiya murojaat asosida binoni vizual ko‘rikdan o‘tkazgan va uning avariya holatida ekanligi tasdiqlab, buzilishiga ruxsat bergan.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qaroriga ko‘ra, ushbu bino madaniy meros obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilmagan. Shu sababli buzish ishlari qonuniy asosda amalga oshirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Yangi Toshkent» loyihasi doirasida fuqarolar ish o‘rinlari bo‘yicha Call-markazga qo‘ng‘iroq qila olmayotgani haqidagi xabarlarga Bandlik vazirligi munosabat bildirganini yozgandi.