Avto

Denza N9 avtomobilining rasmiy taqdimoti 21-mart kuni bo‘lib o‘tadi

Narx $62,5 mingdan boshlanadi
Denza N9
Denza N9 rasmiy taqdimoti 21-mart kuni bo‘lib o‘tadi / Foto: CarNewsChina.com

Xitoyning BYD kompaniyasiga tegishli Denza brendining yangi N9 modeli global miqyosda 21-mart kuni taqdim etiladi. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.

Mazkur avtomobil 21-fevraldan oldindan buyurtma uchun ochilgan bo‘lib, uning narxi 450-550 ming yuan ($62,5 –76,4 ming) belgilangan. Bundan tashqari, kompaniya cheklangan birinchi ishlab chiqarish uchun ustuvor xarid huquqini taqdim etmoqda. Xaridorlar ikki ming yuan depozit to‘lash orqali o‘z buyurtmalarini kafolatlashlari mumkin.

Dizayn va tashqi ko‘rinish

Denza N9 o‘ziga xos ajratilgan faralar va elektr avtomobillarga xos silliq dizayni bilan ajralib turadi. Uning old qismida ikkita havo oqimi kanallari joylashgan bo‘lib, pastki bamper ikki qavatli ventilyatsiya tizimiga ega. Shuningdek, kapot bo‘ylab aniq chiziqlar avtomobilga yanada agressiv va kuchli ko‘rinish bag‘ishlaydi. Model Deep Ink Black, Snow Jade White, Smoke Crystal Grey va Emerald Green rang variantlarida taqdim etiladi.

Denza N9
Denza N9 rasmiy taqdimoti 21-mart kuni bo‘lib o‘tadi / Foto: CarNewsChina.com

Ichki jihozlanish va qulayliklar

Denza N9 ichki qism uchun Platinum Grey va Cloud Brocade Race rang sxemalarini taklif qiladi. Avtomobil haydovchi uchun dunyodagi birinchi faol yon tayanch funksiyasiga ega o‘rindiq bilan jihozlangan. Old yo‘lovchi esa to‘rt tomonlama sozlanishi oyoq tayanchi bilan ta’minlangan nol tortishish holatiga ega o‘rindiq qulayligidan bahramand bo‘ladi. Ikkinchi qatorda joylashgan o‘rindiqlar esa 14 tomonlama elektr sozlash, sinxron suriluvchi ikki tomonli o‘rindiq, hamda ikkita 50 Vt quvvatga ega simsiz zaryadlash stansiyasi bilan jihozlangan.

Denza N9
Denza N9 rasmiy taqdimoti 21-mart kuni bo‘lib o‘tadi / Foto: CarNewsChina.com

Texnik xususiyatlar va quvvat tizimi

Denza N9 e3 aqlli avtomashinani boshqarish texnologiyasi va Cloud-A aqlli havo suspenziyasi tizimi bilan ta’minlangan. Gibrid avtomobil 2.0T dvigatel va uchta elektr motor kombinatsiyasidan iborat bo‘lib, benzin dvigateli 207 ot kuchiga ega. U 0 dan 100 km/soat tezlikka atigi 3 soniyada erisha oladi. Avtomobilning umumiy harakat masofasi CLTC sikliga ko‘ra 1300 km, sof elektr yurish zaxirasi esa 200 km dan ortiq deb baholanmoqda.

Denza N9
Denza N9 rasmiy taqdimoti 21-mart kuni bo‘lib o‘tadi / Foto: CarNewsChina.com

Denza brendining kelajagi

Denza dastlab BYD va Mercedes-Benz qo‘shma korxonasi sifatida ish boshlagan. Biroq Mercedes-Benz ushbu loyihadan asta-sekin chiqib ketgan bo‘lib, 2024-yil sentabr oyida o‘z ulushini butunlay sotgan. Hozirda BYD Denza brendining yagona egasi hisoblanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD Denza N9 mart oyida sotuvga chiqadi, oldindan buyurtmalar fevral oyida boshlanishi haqida xabar bergan edi.