Yangiliklar

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo hajmi 5,2% ga oshdi

2023-yil ko‘rsatkichlariga nisbatan
Foto: President.uz

2024-yilda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 11,7 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Rossiya hukumati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston hamkorligi Rossiya Federatsiyasi hukumatining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov hamda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev uchrashuvida muhokama qilindi.

O‘zbekiston tomoni ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 11,7 mlrd dollarga yetganini ta’kidladi. Rossiya hukumatining dastlabki baholariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 2023-yil ko‘rsatkichlariga nisbatan 5,2% ga oshgan. Denis Manturov Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi mintaqalararo investitsiyaviy hamkorlikning yuqori salohiyatini qayd etdi.

O‘tgan yili O‘zbekistonga Rossiyaning 39 ta hududi rahbarlari tashrif buyurdi. Shuningdek, respublikada Rossiya universitetlarining 14 ta filiali faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, 2024-yilda Rossiyalik sayyohlar O‘zbekistonga 515 ming marta tashrif buyurdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya turistlar tashrifi bo‘yicha yetakchi davlatga aylangan edi.