
2025-yil fevralida Rossiyada foydalanilgan yengil avtomobillar savdosi yanvar oyiga nisbatan 4,5 foizga kamaydi. Bu haqda 32cars.ru nashri ma’lum qildi.
Automarketer ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oy mamlakat bo‘ylab 422 mingta eski avtomobil sotilgan. Bu esa yanvar oyidagi 442 mingta natijadan sezilarli darajada past.
Fevral natijalari so‘nggi bir yil ichidagi eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. 2024-yil fevral oyida Rossiyada 452 ming dona foydalanilgan avtomobil sotilgani hisobga olinsa, bu yilgi savdo hajmi o‘tgan yilga nisbatan 6,5 foizga tushib ketdi.
Sotilgan avtomobillar ichida Rossiya avtomobillarining ulushi 30 foizdan ortiqni tashkil etib, 127 ming donaga yetdi. Yapon avtomobillari esa 104 ming dona sotilib, bozorning 25 foizini egalladi. Xitoy avtomobillari esa fevral oyida ikkilamchi bozorning 4,4 foizini tashkil etdi.
Eng ko‘p qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan avtomobil brendi Lada bo‘lib, uning ulushi 26 foizga chiqdi. Bu brend bo‘yicha 111 ming dona avtomobil qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa-da, yanvar oyiga nisbatan biroz pasayish kuzatildi. Ikkinchi o‘rinda Toyota joy olib, bozorning 10 foiziga ega chiqdi. Biroq Toyota’ning qayta sotilishi o‘tgan yilga nisbatan 8,9 foizga kamaydi. Kuchli uchlikdan Kia 23 ming dona avtomobil sotuvi bilan egalladi.
Ekspertlarning fikricha, bozordagi bunday pasayishga bir qator omillar sabab bo‘lmoqda. Automarketer bosh direktori Tatyana Akimova bu borada shunday deydi:
«Narxlarning oshishi, inflyatsiyaning yuqori darajasi va aholi real daromadlarining kamayishi avtomobil bozoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, avtokredit olish shartlarining og‘irlashuvi ham xaridorlar soniga salbiy ta’sir qilyapti.»
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Tracker Rossiyada qancha turishi haqida xabar bergan edi.