Shahrisabz aeroporti 25-martgacha vaqtincha yopiladi

Shahrisabz aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagida kapital ta’mirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan 13-martdan 25-martgacha vaqtincha yopiladi. Bu haqda Uzbekistan airports xabar berdi.
1983-yildan beri foydalanib kelinayotgan uchish-qo‘nish yo‘lagi xavfsizlikni ta’minlash maqsadida to‘liq yangilanadi. Xususan, 1554 metr uzunlikdagi yo‘lak yuzasi almashtiriladi va mustahkamlanadi. Yurish yo‘lagining ustki qatlami ham ta’mirlanadi.
Qurilish-ta’mirlash ishlarini tanlov natijalariga ko‘ra «Farg‘ona yo‘llardan muntazam foydalanish korxonasi» amalga oshiradi.
Ma’lumot uchun, hozirga qadar Shahrisabz aeroporti haftasiga ikki marta kichik L-410 samolyotlarini qabul qilish imkoniyatiga ega edi. Ta’mirlashdan so‘ng esa aeroport zamonaviy ATR-72 samolyotlarini haftasiga uch martagacha qabul qila oladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent aeroportida uchib ketish zalidagi tahoratxonalar vaqtincha yopilishi haqida yozgandi.