Yangiliklar

«Agrobank» fuqaro kartasidan kredit uchun 4,5 mln so‘m ortiqcha yechib olgan – Raqobat qo‘mitasi

Fuqarolarga pullari qaytarilgan
Raqobat, qo'mitasi, ortiqcha pul yechib olish, Agrobank
«Agrobank» fuqaro kartasidan kredit uchun 4,5 mln so‘m ortiqcha yechib olgan – Raqobat qo‘mitasi / Foto: Roman Fedotov / «Kursiv»

Raqobat qo‘mitasi savdo, gaz ta’minoti va bank xizmatlari bo‘yicha fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar asosida mablag‘larni qaytarish ishlarini amalga oshirdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, Urganch tumanida yashovchi fuqaroning gaz ta’minoti korxonasi tomonidan noto‘g‘ri hisoblangan 1 mln so‘mdan ortiq noreal qarzdorligi bartaraf etildi.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatidagi «Hamroh savdo do‘konlar tarmog‘i»ning Qo‘qon filialidan mahsulot xarid qilgan fuqaro barcha qarzdorligini to‘lasa-da, kartasidan 1,5 mln so‘mga yaqin mablag‘ asossiz ushlab qolingan. Murojaat natijasida uning pullari qaytarilgan.

Buxoro viloyatidagi fuqaroga esa yashaydigan uyi uchun «Issiqlik Manbai» DUK tomonidan hisoblangan 1,1 mln so‘m asossiz qarzdorlik bekor qilindi. Jizzaxning Sharof Rashidov tumanida yashovchi shaxsning «Uzum nasiya»dan 564 ming so‘mga olgan mahsulotlari talabga javob bermaganligi uchun shartnoma bekor qilingan.

Shu bilan birga, Toshkent viloyatida fuqaro gaz ta’minoti tomonidan hisoblangan 58 mln so‘mlik qarzdorlik asossiz ekanini aniqlashni so‘rab murojaat qilgan. O‘rganish natijasida qarzdorlik qayta hisoblanib, 9 mln so‘m qilib belgilangan.

Chust tumanida yashovchi shaxsning kartasidan «Agrobank» 4,5 mln so‘m ortiqcha kredit to‘lovini yechib olgan. Hududiy boshqarma tekshiruv natijasida ushbu mablag‘ni fuqaroga qaytargan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Raqobat qo‘mitasi Navoiyda o‘zbek tilida taomnomasi bo‘lmagan ovqatlanish maskaniga ish qo‘zg‘agani haqida yozgandi.