
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari shu yilning 1-fevral holatiga ko‘ra, bank tizimidagi raqobat darajasi yaxshilanganini ma’lum qildi.

Bank aktivlari oshdi
Tijorat banklari jami aktivlari hajmi 768 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,7 foizga yoki 115,6 trln so‘mga o‘sdi. Shu bilan birga, aktivlar bo‘yicha raqobat darajasini ifodalovchi Xerfindal-Xirshman indeksi (HHI) 72 birlikka yaxshilanib, 800 ni tashkil etdi.
Xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklarning jami aktivlardagi ulushi o‘tgan yilning mos davridagi 32,5 foizdan 34,5 foizga yetdi. «Anorbank», «TBC» va «Hamkorbank»ning ulushi oshgan bo‘lsa, davlat ishtirokidagi eng yirik banklardan «O‘zmilliybank» va «Asakabank» ulushi mos ravishda 1,5 va 1,3 foiz bandga kamaydi.
Kreditlash hajmi yuqorilab, foiz stavkalari pasaydi
Tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga yo‘naltirilgan kredit qo‘yilmalari hajmi shu yilning 1-yanvar holatiga 533,1 trln so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, bir oy ichida 866 mlrd so‘mga oshib, 534 trln so‘mga yetdi. Natijada kredit bozoridagi raqobat darajasi ortib, HHI indeksi 57 birlikka yaxshilanib, 918 birlikni tashkil etdi.
Jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmi mos ravishda 20 va 11 foizga ortdi. Ayniqsa, jismoniy shaxslarga ajratilgan mikroqarzlar hajmi 75 foizga ko‘paydi. Bunga 2024-yil 1-yanvardan boshlab mikroqarzlarning maksimal miqdori 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mga oshirilgani sabab bo‘ldi.
Milliy valyutadagi jami bank kreditlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 2024-yil yanvar oyida 24,1 foiz bo‘lgan bo‘lsa, dekabr oyiga kelib 23,4 foizga pasaydi. Biroq aholi kreditlari bo‘yicha foiz stavkasi inflyatsion kutilmalarning yuqoriligi sabab 24,9 foizga oshdi.
Depozitlar hajmi ortdi
1-fevral holatiga ko‘ra, banklardagi jami depozitlar hajmi 310,2 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28,1 foizga oshdi. Depozitlar bo‘yicha raqobat darajasi ortib, HHI indeksi 32 birlikka yaxshilanib, 636 birlikni tashkil etdi.
Xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklarning jami depozitlardagi ulushi 50 foizga yetgan bo‘lsa-da, «Ipoteka-bank» va «Tengebank» ulushining qisqarishi natijasida davlat ishtirokidagi banklar ulushi yana 1 foiz bandga ko‘paydi.
Milliy valyutada jalb qilingan depozitlar hajmi 36 foizga yuqorilab, chet el valyutasida jalb qilingan depozitlar hajmi 7,4 foizga o‘sdi. Shuningdek, chet el valyutasidagi bank depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 2024-yil boshida 4,7 foiz bo‘lgan bo‘lsa, yil yakuniga kelib 5,3 foizga yetdi.
Ma’lumot uchun, bozor HHI (Xerfindal Xirshman Indeksi) bo‘yicha raqobat darajasiga ko‘ra 3 guruhga bo‘linadi: raqobat darajasi past (HHI 2500 – 10000 gacha), o‘rtacha (HHI 1500 – 2500) va yuqori (HHI 1500 dan past).
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank uchta mikromoliya tashkilotini reyestrga kiritgani haqida yozgandi.