
12-mart kuni O‘zbekiston havo hududida Utair aviakompaniyasining ikkita reysi favqulodda holat tufayli o‘z yo‘nalishini o‘zgartirdi. Bu haqda «Novosti Tashkentskogo nebo» Telegram kanali xabar berdi.
Aviakompaniyaga tegishli Boeing 737-8GU samolyoti UT-810 reysi bilan Samarqand – Moskva yo‘nalishida parvoz qilayotgan vaqtda dvigatel nosozligiga duch kelgan. Ya’ni chap dvigatel ikki marotaba pompaj (bosimning keskin pasayishi) holatiga uchragan. Ushbu vaziyatdan so‘ng ekipaj Samarqand xalqaro aeroportiga qaytdi.
Shuningdek, Utair’ga tegishli Boeing 737-8GU samolyoti UT-789 reysi bilan Moskva – Farg‘ona yo‘nalishida parvoz qilib ketayotgan paytda favqulodda holat yuzaga keldi. Ekipaj Farg‘ona aeroportiga qo‘nish o‘rniga Toshkent xalqaro aeroportiga yo‘nalishni o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha mutaxassislar tekshiruv o‘tkazmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent va Urganchdan uchgan samolyotlar Moskvaga qo‘na olmagani haqida yozgandi.