Avto

Xiaomi SU7 Pro’ga talab yuqori: yetkazib berish muddati 2026-yilgacha cho‘zildi

Yetkazib berish muddati 43-46 hafta
xiaomi su 7 pro
Xiaomi SU7 Pro elektr sedani 2025-yilgacha sotildi / Foto: Dongchedi

Xitoyning IT-giganti Xiaomi tomonidan ishlab chiqarilgan SU7 Pro elektr sedaniga talab nihoyatda yuqori bo‘lib, avtomobilni yetkazib berish muddati 43-46 haftaga cho‘zilgan. Hozir buyurtma bergan xaridorlar avtomobillarini 2026-yil yanvarida qabul qilishlari kutilmoqda, deb xabar bermoqda CarNewsChina.

Xiaomi Auto rasmiy ilovasiga ko‘ra, kompaniya 2024-yil mart oyida SU7 modelini bozorga chiqargach, ishlab chiqarish quvvati yetarli bo‘lmagani sababli dastlabki versiyalarni yetkazib berish muddati 25 haftadan oshib ketdi. Keyinchalik ishlab chiqarish hajmi oshirilgan bo‘lsa-da, Xiaomi SU7 Ultra modelining taqdim etilishi yetkazib berish jadvaliga yana ta’sir ko‘rsatdi.


Xiaomi SU7 seriyasining yetkazib berish muddati va narxlari

Xiaomi Auto kompaniyasi hozirda yil yakuniga qadar 300 mingta avtomobil yetkazib berish maqsadida ishlab chiqarish hajmini oshirish ustida ish olib bormoqda. O‘tgan yili kompaniya 139,4 mingta avtomobil ishlab chiqargan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni ikki baravar oshirish rejalashtirilgan.

Biroq Xiaomi oldida yana bir sinov turibdi – bu yozda kompaniyaning birinchi SUV modeli, Xiaomi YU7 sotuvga chiqadi. Hozirda kompaniya F2 zavodini qurayotgan bo‘lib, u yangi krossover ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi SU7 Ultra sotuvning yillik rejasini bir kunda bajargani haqida xabar bergan edi.