
Shavkat Mirziyoyev Parijga tashrifi davomida Fransiyaning yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida umumiy qiymati 6,5 mlrd yevroga teng bo‘lgan qo‘shma investitsiya va innovatsiya loyihalari dasturi imzolandi. Mirziyoyev ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni jadallashtirish uchun O‘zbekiston-Fransiya investitsiya kengashini tashkil etishni taklif etdi.

Shuningdek, tashrif doirasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Diplomatik pasport egalari uchun viza talablari bekor qilinishi, O‘zbekiston-Fransiya universiteti tashkil etilishi va sog‘liqni saqlash, madaniyat, ta’lim sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlar imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya turistlar tashrifi bo‘yicha yetakchi davlatga aylangani haqida yozgan edik.