O‘zbekiston va Suez kompaniyasi o‘rtasida muhim kelishuv nimadan iborat

11-mart kuni Parijda bo‘lib o‘tgan Fransiya – O‘zbekiston biznes forumi doirasida Surxondaryo viloyatining ichimlik suv ta’minotini modernizatsiya qilish loyihasining birinchi bosqichi bo‘yicha muhim hujjat – Termsheet (shartnomaning asosiy shartlari) imzolandi. Ushbu kelishuv Fransiyaning yirik Suez kompaniyasi bilan amalga oshirilmoqda. Bu haqda Uzsuvta’minot ma’lum qildi.
Forumda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari, shuningdek, 100 ga yaqin yirik kompaniyalar, moliya va biznes tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Qishloq xo‘jaligi, energetika, yashil iqtisodiyot, shaharsaroylik, suv ta’minoti, transport, konchilik, sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 20 dan ortiq bitim va shartnomalar imzolandi. Bu haqda batafsil ma’lumotlarni Uzsuvta’minot Kursiv Uzbekistan muxbiriga ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Fransiyaning yirik Suez kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Surxondaryo viloyatining ichimlik suv ta’minotini modernizatsiya qilish va Toshkent shahar ichimlik va oqova suv tizimlarini transformatsiya qilish bo‘yicha muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.
Suez kompaniyasi bilan hozirgacha qanday loyihalar amalga oshirildi?
Bugungi kunga qadar Suez tomonidan tugallangan loyihalar mavjud emas, ammo O‘zbekiston hukumati bilan birgalikda suv ta’minoti tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalar ustida ish olib borilmoqda.
Hozirgi kunda qanday loyihalar ustida ish olib borilmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi PQ-428-sonli qarori asosida «Toshkent shahar ichimlik va oqova suv tizimlarini transformatsiya qilish» loyihasi ishga tushirilgan. Shuningdek, 2024-yil 30-avgustdagi PQ-308-sonli qarorga muvofiq «Surxondaryo viloyatida ichimlik suv ta’minotini yaxshilash» loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Loyihalarning asosiy maqsadi va kutilayotgan natijalari
Bu loyihalar orqali:
- Aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi – suv ta’minoti va oqova suv tizimlari Yevropa standartlari asosida yaxshilanadi.
- Innovatsion yechimlar joriy etiladi – yangi texnologiyalar yordamida suv yo‘qotilishining oldi olinadi.
- Ekologik va texnologik transformatsiya – zamonaviy texnologiyalar joriy qilinib, samaradorlik oshiriladi.
Qaysi hududlarga e’tibor qaratilgan?
Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Sho‘rchi, Denov va Qumqo‘rg‘on tumanlari loyiha hududlariga kiritilgan. Bu hududlarda ichimlik va oqova suv tizimlarini raqamlashtirish, avariyalarni tezkor bartaraf etish va suv yo‘qotilishini kamaytirish rejalashtirilgan.
Texnologik yangiliklar va aholi uchun qulayliklar
- Yangi texnologiyalar joriy etiladi – suv tarmoqlari samaradorligini oshirish maqsadida ilg‘or uskunalar va innovatsion boshqaruv tizimlari o‘rnatiladi.
- Malakali kadrlar tayyorlanadi – hududiy suv ta’minoti xodimlari Yevropa standartlari asosida malaka oshiradi.
- Aqlli hisoblagichlar o‘rnatiladi – Toshkent shahrida 660 mingdan ortiq xonadonga aqlli hisoblagichlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. 2025-yil oxirigacha 50 ming dona hisoblagich o‘rnatiladi.
Hozirda loyihalar ijrosida jiddiy muammolar aniqlanmagan, barcha ishlar belgilangan rejaga muvofiq olib borilmoqda.
Surxondaryo viloyatining Denov, Sariosiyo, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlarida amalga oshirilayotgan loyiha uzoq muddatli davlat-xususiy sheriklik asosida olib boriladi. Agar loyiha muvaffaqiyatli yakunlansa, Surxondaryo viloyatining qolgan tumanlariga ham tatbiq etiladi.
- «Toshkent shahar ichimlik va oqova suv tizimlarini transformatsiya qilish» loyihasining umumiy qiymati – 218,8 mln yevro.
- 154,5 mln yevro Fransiya g‘aznachiligi va Deutsche Bank kredit mablag‘lari orqali moliyalashtiriladi.
Aholi bu o‘zgarishlarni 2025-yil yakuniga qadar his qila boshlaydi. Ayniqsa, Toshkent shahrida 50 mingta aqlli hisoblagich o‘rnatilishi natijasida suv ta’minotida sezilarli yaxshilanishlar kuzatiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda tramvay qayta tiklanishi haqida xabar bergan edi.