Shimoliy Koreya maxfiy raketa bazasini golf maydonchasi sifatida yashirgan — OAV

Tahlilchilar tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya o‘zining Pxenyan yaqinidagi uzoq masofali raketa uchirish bazalaridan birini golf maydonchasi ko‘rinishida yashirgan. Bu haqda The Telegraph nashri ma’lum qildi.
O‘tgan yilgacha ushbu hudud Kim Chen Inning Qishki saroyi — Ryokpo qarorgohi sifatida tanilgan bo‘lib, u poytaxtdan 32 kilometr janubi-sharqda joylashgan edi. Biroq yaqinda saroy buzib tashlangan va uning o‘rniga yangi inshootlar, yo‘llar hamda tashqi ko‘rinishi golf maydonchasiga o‘xshash hudud barpo etilgan.
Midlsberi instituti qoshidagi Jeyms Martin nomidagi Yadro qurollarini tarqatmaslik markazi tahlilchilari tomonidan olib borilgan infraqizil tadqiqotlar bu hududda betondan mustahkamlangan katta maydon mavjudligini aniqladi.
Biroq mutaxassislar ushbu hududning aslida qit’alararo ballistik raketalar (ICBM) uchirish maydonchasi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Tahlilchilarning fikricha, maydondagi beton qoplamalar Shimoliy Koreyaning Hwasong-19 raketalarini uchirish uchun mos bo‘lib, u yadro kallaklarini tashish imkoniyatiga ega.
- Ushbu raketa 9300 kilometr masofani bosib o‘tishi mumkin, ya’ni Shimoliy Amerika va Yevropa hududlari uning nishoniga aylanishi ehtimoli bor.
- Bino balandligi 118 fut (taxminan 36 metr) bo‘lib, raketalarni vertikal joylashtirish uchun moslashtirilgan.
- Maydon yaqinida joylashgan yangi yo‘llar esa raketalarni tashish va joylashtirish uchun zarur bo‘lgan transport vositalari harakati uchun yetarli darajada keng ekani qayd etilgan.
Shuningdek, tahlilchilarning fikriga ko‘ra, hududda joylashgan yashirin inshootlar to‘rtta raketani joylashtirish uchun yetarli bo‘lishi mumkin.
Shimoliy Koreya 12-mart kuni g‘arbiy sohillari yaqinidagi suvlarga bir nechta ballistik raketalar uchirgan. Ushbu harakat AQSh va Janubiy Koreyaning «Freedom Shield» qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari boshlangan kun bilan mos keldi.
- Freedom Shield mashg‘ulotlari 11 kun davom etadi, unda AQSh va Janubiy Koreya qo‘shinlari harbiy tayyorgarlik darajasini oshiradi.
- Janubiy Koreya qo‘shma shtab boshliqlari o‘z harbiy kuchlari to‘liq shay holatda ekanligini bildirgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kim Chen In yadroviy qudratni oshirishga topshiriq bergani haqida xabar bergan edi.