Tojik-qirg‘iz chegarasi 13-martdan ochiladi

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara punktlari 13-martdan ish boshlaydi. Bu haqda Asia Plus nashri xabar berdi.
Ushbu hududlardagi «Qayrag‘och» va «Qizil-bel» nazorat-o‘tkazish punktlarining rasmiy ochilishi ikki davlat prezidentlari ishtirokida onlayn rejimda bo‘lib o‘tadi.
Bu chegara 2021-yilning may oyidan beri yopiq. Bunga sabab, o‘sha yili aprel oyida ikki davlat harbiy xizmatchilari ishtirokidagi qurolli to‘qnashuv bo‘lgan. Natijada Qirg‘iziston hukumati chegarani yopishni va to‘liq delimitatsiya qilingandan keyingina ochilishini ma’lum qilgan.
2024-yilning dekabr oyida Tojikiston-Qirg‘iziston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonlari to‘liq yakunlandi.
Shuningdek, shu yilning fevral oyida Bishkek shahrida ikkala davlat chegarasini belgilash bo‘yicha kelishuv ham imzolangandi. Unga ko‘ra, shartnoma hukumatlararo kelishuvlarni ham o‘z ichiga oladi. Ular energiya obyektlari, suv resurslari, yo‘l aloqasi va yangi trassalar qurilishi bilan bog‘liq masalalarni qamrab oladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan G‘ishtko‘prik chegara posti 4 oyga yopilgani haqida yozgandi.